O‘tgan 2022 yilda 90,2 mingta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Joriy yilda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2023 yilning birinchi choragida birgina oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 1,6 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi.
Shuningdek, anomal sovuq va energiya inqirozidan talafot ko‘rgan 608 ta tadbirkorlik sub’ektlariga 1,3 trillion so‘mlik kreditlar ajratilib, 1 ming 210 ta tadbirkorning 10,2 trillion so‘mlik kreditning 1,6 trillion so‘mlik to‘lov qarzdorliklarining muddatlari uzaytirildi.
Shuningdek, 2022 yilda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2 371,4 mlrd. so‘m yoki 2021 yilga nisbatan qariyb 2 baravar ko‘p byudjet subsidiyalari ajratilgan. Natijada o‘tgan yil yakunida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 22,8 mingni tashkil etib, unda qamrab olingan bolalar soni 746 ming yoki 2021 yilga nisbatan 22 foizga ortishiga erishildi. Respublika bo‘yicha 3-7 yoshli bolalar soni 2 930,8 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ularning 2 103,8 ming nafari yoki 71,8 foizi maktabgacha ta’lim tizimi bilan qamrab olindi. Bunda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan bolalar ulushi 32 foizdan 35 foizga ortdi.
Ushbu raqamlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2022 yildagi hamda 2023 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotda keltirilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining yig‘ilishida mazkur hisobot qizg‘in muhokama qilinib, qator takliflar aytib o‘tildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA