Samarqand shahrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat sohasidagi qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov boshchiligidagi soha mas’ullari hamda Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Batuhan Mumku boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda kino, teatr va sirk, ijodiy va amaliy san’at, madaniy meros va muzeyshunoslik, madaniy taraqqiyotni ilgari surish, moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash uchun zamonaviy texnologiyalarni, shu jumladan, sun’iy intellektni integratsiyalash sohasida hamkorlik, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birining madaniyat sohasida taklif etilayotgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
– 2018 yilda Turkiya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan madaniy aloqalarni rivojlantirish bitimi o‘tgan davr mobaynida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi, – deydi Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Batuhan Mumku. – Bugungi yig‘ilishda ham ikki mamlakatda madaniyat va milliy kino kunlari, teatr haftaliklarini tashkil etish, hamkorlikda film va sahna asarlari yaratish hamda YUNESKO, AYSESKO, TURKSOY va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda madaniy tashabbuslarni targ‘ib qilish borasida kelishuvga erishdik. O‘ylaymizki, bu ishlar ikki mamlakatning madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligiga katta turtki beradi.
Yig‘ilish yakunida ikki davlatning madaniyat sohasidagi qo‘shma komissiyasi ahdlashuv bayoni imzolanib, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat sohasida II qo‘shma komissiya yig‘ilishini 2025 yilda Turkiyada o‘tkazishga kelishib olindi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari