Raqobat qo‘mitasiga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan turistik firmalar xizmati bo‘yicha bir qancha e’tirozlar bildirgan iste’molchilardan murojaatlar kelib tushgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 oktyabrdagi “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan monitoring ishlari o‘tkazildi.
Monitoring o‘tkazish davomida “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyasi mavjud bo‘lmagan “MUSAFFO TRAVEL”, “EVRO TURISTIK” va “ARAL TRAVEL” tur firmalari tomonidan “Umra” ziyorati to‘g‘risida reklamalar joylashtirilgani aniqlandi.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha Qo‘mita xodimlari tomonidan jamiyatlar rahbarlariga yuqorida keltirilgan qaror talablariga asosan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya bo‘lishi shartligi tushuntirildi hamda joylashtirilgan reklamalar joyida olib tashlandi.
Bundan tashqari, Qo‘mitaga kelib tushgan fuqaro murojaatida iste’molchi “ISKANDER TOURS” MCHJ turistik firmasi bilan shartnoma tuzib, 700 AQSH dollari to‘laganiga qaramasdan shartnoma shartlari bajarilmaganidan noroziligini bildirgan. To‘lagan pulini qaytarib berishda amaliy yordam so‘ragan.
Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida fuqaroga to‘lagan mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari Toshkent shahri, Namangan, Jizzax viloyati hududiy boshqarmasiga yo‘llangan murojaatlar ham o‘rganilib, fuqarolarga yordam ko‘rsatildi.
N.Rahmonova,
O‘zA