Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2022 yildagi hamda 2023 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqib, qator savollarni o‘rtaga tashladi.
Jumladan, deputat Gulruh A’zamova tibbiyotning ayrim sohalariga byudjetdan ajratilayotgan mablag‘larning o‘z vaqtida o‘zlashtirilmayotgani, buning sabablari bilan qiziqdi:
– Tibbiyot sohasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bir paytlar gemodializ oladigan bemor qayerga borishni, qayerda muolaja olishni bilmas edi. Hozir esa bu borada barcha hududda sharoitlar yaratildi. Ammo tibbiyot sohasining ayrim yo‘nalishlariga ajratilayotgan mablag‘lar o‘z vaqtida to‘liq o‘zlashtirilmayapti. Masalan, fizioterapiya xizmatini qayta tiklash dasturi uchun mablag‘lar 71 foizga, nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish dasturi uchun hisobot davrida ajratilgan mablag‘lar 75 foizga, qon quyish, gematologiya va onkogematologiya xizmatlarini rivojlantirish dasturlari uchun ajratilgan mablag‘lar esa 80 foizga o‘zlashtirilgan, xolos.
Moliyalashtirilgan byudjet mablag‘larining o‘z vaqtida o‘zlashtirilmayotganining sababi nimada, mablag‘larning o‘z vaqtida sarflanishiga kim yoki nima to‘sqinlik qilyapti? Mas’ullarga qanday choralar ko‘rildi?
Deputatning ushbu savoliga Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov quyidagicha javob berdi:
– Bu muammo avval ham bo‘lgan. Ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirishda ayrim sabablar mavjud. Masalan, xalqaro tender jarayonlari. Qon quyish, gematologiya va onkogematologiya xizmatlari bu yangi dasturlar. Bu borada yangi preparat, yangi turdagi asbob-uskunalarni xarid qilish yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni, import mahsulotlarni olib kelishda xalqaro kompaniyalar ishtirok etadi. Dunyoda kechayotgan geosiyosiy vaziyatlar esa logistika tizimimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bu esa import qilinadigan dori vositalari va asbob-uskunalarni yetkazib berishda muammolar tug‘dirdi. Shu bois ham o‘z vaqtida o‘zlashtirilmay qolyapti.
Mas’ullar masalasida to‘xtaladigan bo‘lsam, Sog‘liqni saqlash vazirligida alohida mas’ul bo‘lgan vakillarga qat’iy choralar ko‘rildi. Lavozimidan olishgacha bo‘lgan choralar amalga oshirildi, – dedi vazir o‘rinbosari.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.Kudbiyev esa ayrim hollarda mablag‘lar keragidan ko‘p miqdorda ajratilgan va shu sababli ortiqcha qismi o‘zlashtirilmay qolgan bo‘lishi mumkinligini, bu yana o‘rganib chiqilishini ma’lum qildi.
M.Komilova, O‘zA