Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2022 yil hamda 2023 yil birinchi chorak ijrosi yakunlari to‘g‘risidagi hisobot muhokama qilindi.

2022 yil yakunlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot (YAIM) nominal hajmi joriy narxlarda 888,3 trillion so‘mni yoki 80,4 milliard dollarni tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 5,7 foizga o‘sdi. Shuningdek, 2023 yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulotning nominal hajmi 198,5 trillion so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga o‘sdi.

Qayd etilganidek, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 35,4 ming nafar fuqaroga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilishga 2022 yilda 168 milliard so‘m subsidiyalar ajratilgan.

Shuningdek, 2022 yilda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun davlat byudjetidan jami 6,4 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqava suv tizimlarini yaxshilash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha 373 ta loyiha doirasida 3,9 ming kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmoqlarini tortish hamda 477 ta inshootda qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Natijada aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi yil boshidagi 69,7 foizdan 74,4 foizga yetkazilishiga erishilgan.

Yig‘ilishda deputatlar byudjet mablag‘larining samarali, maqsadli sarflanishi masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Ayrim kamchilik va yo‘l qo‘yilgan xatolarni o‘rtaga tashlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

M.Komilova, O‘zA