Iqtisodiyot va moliya vazirligida AQSHning “Gas Green Asia LLC” va “Ecoeye Co. LTD” kompaniyalarining vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar Parij bitimining 6-bob 4-moddasida belgilangan hamkorlik yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. Xususan, issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha CDM (Musaffo rivojlanish mexanizmi) doirasida amalga oshirilgan loyihalarni Parij bitimining 6-moddasida belgilangan mexanizmga o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida “Gas Green Asia LLC” kompaniyasi va “Hududgazta’minot” AJ hamkorligida amalga oshirilayotgan issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirish loyihasi yuzasidan ham fikr almashildi.
Qayd etish kerakki, 2015 yil 12 dekabrda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ortib borayotgan global tahdidlarning oldini olish maqsadida Parij bitimi qabul qilingan. Hozirgi vaqtda Parij bitimini imzolagan mamlakatlarning 180 tasi mazkur hujjat ishtirokchisi hisoblanadi.
O‘zbekiston 2017 yil 19 aprelda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Parij bitimini imzolagan. Ushbu bitim O‘zbekiston uchun qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslarini jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlarga qarshi kurashish shular jumlasidandir.
Uchrashuv yakunida tomonlar yo‘nalishda amalga oshirilayotgan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishga kelishib oldi, deyiladi vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi xabarida.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA