Bugungi kunda mamlakatga iqlim o‘zgarishining ta’sirini kamaytirish va unga moslashish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishni jadallashtirish va uni targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan salbiy holatlar iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda yanada barqaror manbalar va yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish, xususan, mamlakatda “yashil” iqtisodiy o‘sish bo‘yicha strategik maqsadlar va chora-tadbirlar amalga oshirilishini samarali tashkil etish zaruriyatini ko‘rsatmoqda.

2030 yilga qadar issiqxona gazlarini 2010 yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 35 foiz kamaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

– “Yashil” texnologiyalarni barcha sohalarga faol joriy etishda elektromobillarni ommaviylashtirish va uning infratuzilmasini rivojlantirish muhim omil sifatida qaralmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan yengil avtomobillarning 8 mingga yaqinini yoki 0,2 foizini elektromobillar tashkil etadi, deydi – Iqtisodiyot va moliya vazirligining Iqtisodiyotda tarmoqlararo resurslar taqsimoti va moddiy resurs balanslarini shakllantirish departamenti direktori o‘rinbosari Quvonchbek Mustafoyev. – Hozirgi kunda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan respublika hududida jami 140 ta quvvatlantirish stansiyalari o‘rnatilgan.

Xalqaro energetika agentligining 2023 yil hisobotiga ko‘ra, bir dona elektromobilni quvvatlantirish stansiyasi hissasiga Germaniyada 26 ta, AQSHda
24 ta, Yaponiyada 15 ta, Xitoyda 8 ta, Hindistonda 7 ta, Koreyada 2 ta hamda O‘zbekistonda 56 ta elektromobil to‘g‘ri keladi.

Xususan, 100 kilometr masofaga elektromobil 15 kVt/s elektr energiya sarflashi inobatga olinsa (jamoat joylarida quvvatlantirish stansiyasida quvvatlantirilganda 25,5 ming so‘m), ichki yonuv dvigateliga ega avtomobil esa 10-11 litr (75-100 ming so‘m) yoqilg‘i sarflaydi.

Elektromobillarning asosiy afzalliklari, birinchidan, ekologik jihatdan toza bo‘lib, atrof-muhitga chiqindi gazlari va zararli moddalar chiqarmaydi. Elektromobillardan  foydalanishda  faqatgina  uni quvvatlantirishning o‘zi kifoya qiladi, bugungi kunda ular doimiy ravishda takomillashib bormoqda.

Ikkinchidan, elektromobillardan foydalanish xarajatlari past, elektr transport vositalariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash narxi ham arzon – ular kamroq ehtiyot qismlarga ega.

Uchinchidan, elektr transport vositalari shovqinsiz, tezlik jadallik bilan oshirilganda ham ovozi deyarli o‘zgarmaydi, bu ularni boshqarishda yanada qulaylik tug‘diradi. Shovqinning yo‘qligi – elektromobilga endigina o‘tgan haydovchilar va yo‘lovchilar uchun eng muhim o‘zgarishdir.

To‘rtinchidan, kelajak bilan hamnafas bo‘lish, sayyoramizda bugungi kundagi iqlim o‘zgarishlarini hisobga olganda elektromobillar kelajak transporti hisoblanadi.

Xalqaro energetika agentligi tadqiqotlariga asosan ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lgan bir dona yengil avtomobildan atmosferaga ajraladigan zararli chiqindi gazlar miqdori bir yilda 3,4 tonnani tashkil etadi. O‘z o‘rnida, respublika hududida 2025 yilga borib elektromobillar hisobiga 150 ming tonna zararli chiqindi gazlari ajralib chiqishining oldini olish kutilmoqda.

Shuhrat ISLOMOV, suhbatlashdi.