NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg AQSHga safari davomida Prezident Jo Bayden bilan uchrashib, suhbatdoshini agar Rossiyaning Ukraina ustidan g‘alaba qilishiga qo‘yib berilsa, dunyo yanada xavfli tus olishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu “Xitoyni ilhomlantiradi”, deya qo‘shimcha qilingan Oq uy tarqatgan xabarda.
Oq uy mehmoni Ukrainaga navbatdagi yordam ajratilgani uchun AQSHga minnatdorlik bildirgan va ukrainaliklar qarshi hujumga o‘tib, ijobiy natijaga erishayotganini ta’kidlagan.
“Ukraina qancha ko‘p yerini ozod qilsa, muzokara davrasida pozitsiyasi shuncha mustahkam bo‘ladi”, – degan u.
Stoltenbergning Vashingtonga safari Litva poytaxti Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgani aytilmoqda.