Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Misrning “Orascom Construction” kompaniyasi Sanoat parklari tashkil etish va qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘limi rahbari O.Bebars boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin, 1950 yil tashkil etilgan “Orascom Construction” Misrning eng yirik qurilish va sarmoyaviy kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Yillik daromadi 3,4 milliard dollarni tashkil etadi, xodimlari soni 10 ming kishidan oshadi.

Misr tomoni Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil fevral oyida Misrga qilgan tashrifi ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi faol hamkorlikni rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalar amalga oshirishga kuchli turtki berganini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida Misr delegatsiyasining bir kun avval soha birlashmalari rahbarlari va mahalliy hokimiyat idoralari vakillari bilan o‘tkazgan qator ishchi uchrashuvlari sarhisob qilindi. Navoiy viloyatida tayyor elektrotexnika, to‘qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni joylashtirish uchun sanoat zonasini tashkil etish loyihasini amalga oshirish imkoniyati o‘rganildi.

Kompaniya mas’ullari Toshkent, Andijon, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida tayyor to‘qimachilik mahsuloti ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi sanoat parklarini boshqarishda ishtirok etish rejasi bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbekiston tomonining mamlakatimizga o‘z sarmoya, tajriba va innovatsiya ishlanmalarini olib kirishda hamkorlarimizga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligi bildirildi.

 

O‘zA