Mamlakatimiz professional bokschilari jahon ringlarida munosib natijalarni qayd etayotgan bo‘lsa, yurtimizda ushbu sport turi bo‘yicha iste’dodli charm qo‘lqop ustalarini tayyorlash, ularga keng imkoniyatlar maydonini yaratish borasida bir qator musobaqalar, janglar o‘tkazib kelinmoqda.

Joriy yilning 16 iyun kuni poytaxtimizdagi “Humo Arena” majmuasida o‘tkaziladigan professional boks oqshomi ham ayni harakatlarning mantiqiy davomi bo‘lmoqda. O‘zbekiston professional boks federatsiyasi prezidenti Umid Yakubovdan yil davomida o‘tkazilgan boks janglari hamda yana ikki kundan keyin “Humo Arena” majmuasida o‘tadigan musobaqalar xususidagi savollarimizga javob oldik.

– 2023 yilning yarmi ortda qoldi. Yarim yillikda o‘tkazilgan musobaqalar darajasi qoniqarli bo‘ldimi?  

– Ortda qolgan yarim yillik O‘zbekiston professional bokschilari uchun sermahsul davr bo‘lganligi bilan ajralib turdi. O‘tgan olti oylikda mamlakatimizning bir qator shaharlarida professional boks janglari tashkil etilib, yuzga yaqin bokschilar musobaqalarga jalb etildi. Shundan 40 ga yaqini debyut janglarini o‘tkazdi. Muhimi, yosh bokschilarimizda professional boks ko‘nikmasi shakllandi, reyting ko‘rsatkichi o‘sdi.

– Yana ikki kundan keyin Toshkentda o‘tadigan professional boks kechasiga tayyorgarlik ishlari qanday ketmoqda?  

– Joriy yil davomida O‘zbekiston professional boks federatsiyasi tomonidan bir qator xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlar tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bilasiz, har bir sport tadbirini o‘tkazish mashaqqatli mehnatni talab etadi.

16 iyun kuni o‘tadigan boks kechasini uyushtirish, xalqaro hamkorlar bilan kelishuvlarga erishish, tashkiliy ishlarni yo‘lga qo‘yish borasida katta hajmdagi vazifalar bajarildi. Kuni kecha O‘zbekistonning Lift hamda Britaniyaning Disrupt promouterlik kompaniyalari ushbu musobaqaning to‘liq kardini e’lon qildi. Kechaning markaziy jangi birinchi yarim o‘rta vaznda Gran Pri finali hamda WBC Asia kamari uchun o‘tkaziladi. Unda hamyurtimiz Mujibillo Tursunov Qozog‘iston vakili Dilshat Nurim bilan 11 raundlik jang o‘tkazadi. Shuningdek, boks oqshomida Buyuk Britaniya, Nikaragua, Irlandiya, Chexiya, Tojikiston, Qozog‘iston va mamlakatimizning bir qator nomdor sportchilari g‘oliblik uchun ringga ko‘tariladi.  Shu o‘rinda aytishim lozim, 53,5 kilogramm vaznda WBA Asia South chempionlik kamari uchun 2019 yilgi jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov qozog‘istonlik Nurslan Sabirov bilan kuch sinashadi. Ushbu jang ham qiziqarliligi bilan alohida ajralib turadigan uchrashuvlardan biri bo‘ladi.

– Yurtimiz bokschilaridan yana kimlar jang o‘tkazishi kutilmoqda?  

– Havaskor boksda jahon chempionati sovrindori Dilshodbek Ro‘zmetov, xalqaro turnirlarning sovrindorlari Shuhrat Abdullayev, Islombek Mo‘minov, Anvar Turopov, Suhrob Qayumov kabi yoshlar jang o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuningdek, mazkur boks kechasida o‘rta vazn toifasida Gran-pri yarim final janglari tashkil etilsa, yarim og‘ir vazn toifasida Gran-prining chorak finallari bo‘lib o‘tadi.

 

T. Ro‘ziyev suhbatlashdi, O‘zA