Koreya Respublikasi Bosh prokurorining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori boshchiligidagi delegatsiya Koreyaga tashrif buyurdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Koreya Respublikasi Bosh prokurori Li Von Sok uchrashuvida ikki davlat huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va prokuratura organlari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tajriba va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot almashdi.

Xususan, O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya prokuraturasining atrof-muhitni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organ faoliyatining boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha tajribasi bilan bevosita tanishdi.

Bundan tashqari, Koreya tomoni yig‘ilish ishtirokchilar uchun prokuratura organlari faoliyatida AKTdan foydalanish bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

O‘zbekiston prokuratura organlari delegatsiyasi rahbari yuqoridagi yo‘nalishlarda idoralararo hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi.

O‘z navbatida, Koreya Bosh prokurori O‘zbekiston tomonining tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, yuqorida aytib o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturini tuzishga kelishib oldi.

Koreya Oliy prokuraturasiga tashrif ishchan va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi.

 

N.Abduraimova, O‘zA