Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi “Kun nuri” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 5 qavatli 30 xonadonli uy-joy foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda sektor rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6 dekabrdagi “Uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash hamda Toshkent shahrida boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.

“Antakiya Mo‘ynoqstroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurib bitkazilgan uyda farovon turmush kechirishi uchun barcha qulayliklar yaratilgani e’tirof etildi. Shu kuni uy-joyga muhtoj yetti nafar xotin-qizga ham yangi uyning kalitlari topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilayotgan e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri