Shvetsiya Shimoliy Atlantika alyansining iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammitida NATOga a’zo bo‘lishi mumkin, deb bayonot berdi tuzilma Bosh kotibi Yens Stoltenberg.

“Ishonchim komilki, Shvetsiya NATOga to‘laqonli a’zo bo‘ladi, bu voqea 11-12 iyul kunlari Vilnyusda sodir bo‘lishi ham mumkin, ammo hozircha bunga kafolat berolmayman”, dedi u.

Bosh kotib so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiya uzoq yo‘lni bosib o‘tdi, tegishli maqomga ega bo‘ldi, NATO tuzilmasiga ko‘proq integratsiyalashmoqda.

“Biz ushbu mamlakat safimizga imkon qadar tezroq qo‘shilishi uchun barcha sa’y-harakatni amalga oshirmoqdamiz”, deya qo‘shimcha qildi Stoltenberg “PBS” telekanaliga bergan intervyusida.

Avvalroq “Bloomberg” agentligi 14 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan maslahatlashuv yig‘ilishida Anqara Stokgolmning NATOga qabul qilish to‘g‘risidagi arizasini ma’qullamasligini ma’lum qilgan edi.