Xiva shahridagi “Ichan-qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida “Pakhlavon Makhmud – Strongmen Games” III xalqaro turi o‘tkazildi.
Xalqaro turnirda ishtirok etish uchun dunyoning 20 ga yaqin davlatlaridan kelgan ishtirokchilar, hakamlar, nufuzli mehmonlar hamda OAV vakillari Urganch shahrida tantanali kutib olindi. Turnir oldidan ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida madaniy folklor jamoalari ishtirokida Ichan-qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi bo‘ylab sayr uyushtirildi.
Sport turizmi sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tashqi va ichki bozorlarda O‘zbekistonning turistik salohiyati va imkoniyatlarini targ‘ib qilish, mamlakatimiz yoshlarini sportga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro sport tadbiri ikki kun davom etdi. Dunyoning eng kuchli atletlari “Xiva ustunlarini ushlab turish”, 200 kilogramm og‘irlikdagi “Mo‘ynoq langari”ni ma’lum masofaga sudrab borish, 400 kilogramm og‘irlikdagi moslamani ko‘tarib yurish, 140-200 kilogrammlik Sangijuman toshlarini ma’lum balandlikka joylashtirish, Amir Temur va Jaloliddin Manguberdining 15 kilo 490 grammlik qilichlarini vertikal holatda ushlab turish, Avtobusni hamda “Qo‘qon aravasi” ni sudrash kabi shartlarni bajardi.
Har bir mashq bahodirlardan mustahkam iroda va katta jismoniy kuch talab etdi. Ularning matonati xivalik aholi va ko‘hna shaharning mehmonlari tomonidan olqishlab borildi. Turnir natijalariga ko‘ra, Eronlik pahlavon Rezo Jeytasi g‘olib bo‘ldi va 5 ming AQSH dollarlik pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Litvalik Didzis Zarins ikkinchi o‘rinni egallab, 3 ming AQSH dollari egasi bo‘ldi. Uchinchi o‘ringa esa Ukrainalik Pavlo Nakonechni egalladi. Unga o‘yin fondidan ming dollar miqdorida mukofot berildi.
Xalqaro turnir yakuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirda barcha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Ahmadjon SHOKIROV,
O‘zA muxbiri