Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 11 iyun kuni soat 05:30 atrofida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati inspektorlari tomonidan Xalqaro Qizil kitob va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlagan brakoner qo‘lga olingan.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati inspektorlariga rezervatning Jumurtov bo‘limi o‘tish zonasi fermer xo‘jaligi hududida o‘q ovozi eshitilganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Inspektorlar voqea joyiga yetib borganida, Matiz avtomashinasi chiqib ketganligi aniqlangan. Mashina izidan quvib, Gurlan tumani “Dehqonobod” MFY gacha borishgan. Huquqbuzarning mashinasida qoplar borligi, ularga esa bir dona Buxoro bug‘usining bo‘laklangan jasadi solingani ma’lum bo‘lgan. Natijada brakoner qo‘lga olingan.

Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tergovchisi tomonidan protsessual tartibda ikki dona ov miltig‘i, bir dona Buxoro bug‘usi tana qismlari rasmiylashtirib olingan. Ta’kidlanishicha, Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlash orqali huquqbuzar tomonidan tabiatga 99 million so‘m zarar yetkazilgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Sh.Mamaturopova, O‘zA