O‘zbekiston va Italiya madaniyat, san’at sohasida keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Ikki mamlakatning ham tarixi boy, san’ati rang-barang va bebaho.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga rasmiy tashrifi doirasida Rim shahrida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Italiya Respublikasi Madaniyat vazirligi o‘rtasida “Madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi” kuchga kirdi.
Mazkur muhim hujjatni imzolash marosimi doirasida jamg‘arma ijrochi direktori Gayane Umerova va Italiya madaniyat vaziri Jennaro Sanjuliano o‘rtasida uchrashuv ham o‘tkazildi.
Memorandumga muvofiq, tomonlar madaniy va tarixiy merosni targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytiradi. Xususan, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi madaniy merosni asrab-avaylash va targ‘ib qilish, xalqaro va davlatlararo madaniy aloqani kengaytirish, xorijiy sarmoya va grantlarni jalb etish, shuningdek, yurtimizda saxovatpesha homiylikni rivojlantirish ishlarini yanada faollashtiradi.
– Bir necha yildirki, jamg‘armamiz Italiyaning diqqatga molik maskanlarida mamlakatimiz madaniyati va san’atini targ‘ib qilib kelmoqda, – dedi G.Umerova. – Memorandum imzolanishi esa o‘zaro munosabatni mustahkamlash, ikkala mamlakat madaniy va tarixiy merosiga oid bilimlarni targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatni kuchaytirish uchun quyidagi vazifalarni belgilab olgan:
– ko‘rgazma dasturlari va loyihalarini birgalikda ishlab chiqish, xususan Uffitsi galereyasida O‘zbekiston muzey eksponatlari ko‘rgazmasini tashkil etish;
– madaniy meros sohasida hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
– madaniy merosni tiklash va saqlash sohasida ilg‘or tajriba almashish;
– Italiya tomoni ko‘magida madaniy meros inshootlarini konservatsiya va restavratsiya qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini yaratish;
– madaniy merosni tadqiq etish va asrab-avaylash bo‘yicha ilmiy ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va almashish, tarix, madaniyat va muzeylar yuzasidan bilim almashish, tarixiy va madaniy merosni muhofaza qilish, umumiy ilmiy tadqiqotlar olib borish;
– muzeylar, restavratsiya va konservatsiya sohasida o‘quv kunlari, amaliy mashg‘ulotlar, konferensiya, o‘quv tadbirlari va taqdimotlar tashkil etish;
– tomonlarning o‘quv, ilmiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarini, multimedia loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish.
Yig‘ilishda 2024 yil Uffitsi galereyasi (Florensiya) va Ka Foskari universiteti (Venetsiya)da O‘zbekiston muzeylari sara to‘plamlariga mansub eksponatlar ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgani ta’kidlandi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA