Xabaringiz bor, Germaniya Federal hukumatining Ko‘chib kelganlar va milliy ozchilik masalasi bo‘yicha vakili, Bundestag deputati Natali Pavlik boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda qator tadbirlarda ishtirok etdi.

Tashrifning asosiy anjumani – Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Germaniya hukumatlararo komissiyasining 13-majlisi davomida “Wiedergeburt” Respublika nemis milliy madaniy markazi raisi Yelena Mironova O‘zA muxbiriga markaz faoliyati haqida gapirib berdi:

– Nemislar O‘zbekiston hududida qariyb ikki yuz yildan buyon istiqomat qilib keladi. 32 yildan beri faoliyat yuritayotgan markazimiz do‘stligimiz rivoji yo‘lida qator muhim ishlarni amalga oshirmoqda.

Masalan, markaz huzurida nemis madaniy teatri faoliyat olib borayotgani yaqin hamkorlikning yorqin namunasi. Bu yerda etno-madaniy qadriyatlarni asrab kelayogan noyob anjomlar, tarixiy ashyolar bisyor.

Turli to‘garaklarda 8 yoshdan 83 yoshgacha a’zolar bor. Millatidan qat’i nazar, har kim kelib, mashg‘ulotda qatnashishi, faoliyatimiz bilan tanishishi mumkin. Yiliga ikki marta – Navro‘z hamda Mustaqillik bayramida ochiq osmon ostida sahna ko‘rinishlari uyushtiramiz.

Madaniy markazning asosiy ish ob’ekti – o‘smir-yoshlar. Til o‘rganish masalasi bugungi kunda o‘ta dolzarbligi hech kimga sir emas. Mamlakatimizning har bir hududidagi madaniyat markazlarida nemis tili kurslari yo‘lga qo‘yilgan.

Azizbek Qo‘chqorov yozib oldi.

O‘zA