O‘zbekistonda oxirgi olti yilda davlat va jamiyat miqyosida iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy yo‘nalishlarda amalga oshirilgan islohotlar ko‘lami milliy tariximizda muqobili yo‘q hodisa sifatida e’tirof etilmoqda.
Tarixga muhrlanadigan buyuk o‘zgarishlar silsilasida davlat tuzilmalari mohiyati va mazmunining tubdan transformatsiyalashuvi erishilgan eng muhim ijtimoiy hodisa bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi 1-moddasida “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” deb O‘zbekiston davlatchilik shakliga ham aniq huquqiy ta’rif berildi. Demak, O‘zbekiston demokratik, huquqiy va dunyoviy davlat bo‘lish bilan birga ijtimoiy davlatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi “Boshqaruv sotsiologiyasi va psixologiyasi” kafedrasi tomonidan “Ijtimoiy davlat sharoitida jamiyatni faollashtirish va davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish imkoniyatlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Unda xorijiy ekspertlar hamda mahalliy olimlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar ijtimoiy davlat aynan xalq farovonligi uchun xizmat qiladigan, inson manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yadigan, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan, erkinlik va shaxsiy daxlsizlikni ta’minlaydigan, ijtimoiy xizmatlar ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimni izchil rivojlantiradigan davlat ekanligini ta’kidlashdi.
“Sotsiologik nuqtai nazardan qaraganda bu tushuncha chuqur ma’noga ega, – deydi sotsiologiya fanlari doktori, professor Toshpo‘lat Matibayev. – Ya’ni “ijtimoiy” iborasi aynan insonni oliy qadriyat sifatida qadrlash, uning erkin va farovon hayoti uchun shart-sharoitlarni yaratishni hamda davlat va fuqaro o‘rtasidagi xalqchil aloqani ifodalaydi. Ijtimoiy davlat tamoyili davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surildi. Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida bu g‘oya yanada mustahkamlanib, ijtimoiy davlatni barpo etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Davlatimiz rahbari bu xususda to‘xtalib, “Biz Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak”, deb ta’kidladi.
Tashkil etilgan konferensiya ijtimoiy davlat tamoyili asosida barpo etilayotgan yangi O‘zbekistonda jamiyatni faollashtirish va davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish imkoniyatlarini ilmiy tadqiq va tahlil qilishda olimlar va ilmiy tadqiqotchilarga qulay sharoit yuzaga keltirganligi bilan ahamiyatli deb ta’kidlash mumkin.
Xalqaro konferensiyada to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha ilmiy masalalar muhokama etildi.
Birinchi yo‘nalish Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlatning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashga oid bo‘lib, inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini davlat tomonidan qonuniy asosda kafolatlash masalalariga bag‘ishlandi.
Ikkinchi yo‘nalish ijtimoiy davlatda davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi.
Uchinchi yo‘nalish. Ijtimoiy davlatda jamiyatni faollashtirish uchun inklyuziv muloqot va inklyuziv faoliyatni yo‘lga qo‘yishning ijtimoiy asoslariga oid bo‘lib, inklyuziv jamiyatning tamoyillarini o‘zida aks ettiradi.
To‘rtinchi yo‘nalish. Ijtimoiy davlatda insonga bo‘lgan e’tibor va sifatli ta’lim maqsadlarining yechimlariga qaratilgan.
E’tiborli jihati, mazkur xalqaro konferensiya doirasida ilmiy to‘plam nashr etildi. Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari to‘plamida yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlatning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash, ijtimoiy davlatda davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirishning dolzarb masalalari, shuningdek, ijtimoiy davlatda jamiyatni faollashtirish, inklyuziv muloqot va inklyuziv faoliyatni yo‘lga qo‘yishning ijtimoiy asoslari, inson qadriga bo‘lgan e’tiborning ahamiyati borasida olib borilayotgan tadqiqotlarga oid maqolalar o‘rin olgan.
O‘zA