Ikki kun triatlon bo‘yicha xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilgan Samarqandda 11 iyun kuni triatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bahslari bo‘lib o‘tdi.
Unda 300 nafar ishtirokchi standart va super-sprint masofalarida elita, U-23, 15-17 yoshlilar va 16-19 yoshli o‘smirlar o‘rtasida milliy va yoshlar terma jamoasiga saralash bahslarida ishtirok etdi.
Musobaqada professional sportchilar olimpiya dasturida 1500 metr masofaga suzish, 40 kilometr velosiped poygasi, 10 kilometr yugurish, havaskorlar esa super-sprint dasturida 350 metr masofaga сузиш, 13 kilometr velopoyga, 3 kilometr yugurish bahslarida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Musobaqa natijasiga ko‘ra, U-23 toifasining elita dasturida erkaklar o‘rtasida toshkentlik triatlonchi Aleksandr Kurishovga teng keladigani topilmadi. Ikkinchi o‘rinni yana bir toshkentlik triatlonchi Yuriy Galushko va uchinchi o‘rinni farg‘onalik sportchi Zohid Adhamov qo‘lga kiritdi.
Ayollar bahsida marraga birinchi Alina Hakimova, ikkinchi namanganlik Oydin Ikromova yetib keldi.
U-23 bahsining olimpiya yo‘nalishida qashqadaryolik sportchi Arslon Tursunov g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lib marraga toshkentlik sportchi Kamron Xodjayev, uchinchi bo‘lib Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Dilshod Ro‘zmetov yetib keldi. Ayollar bahsida Toshkent viloyati vakilasi Muslima Jumaboyeva birinchi, qashqadaryolik sportchi Malika Toshpo‘latova ikkinchi bo‘ldi.
15-17 yosh toifasida erkaklar o‘rtasida birinchi va ikkinchi o‘rinlarni andijonlik sportchilar Muhammadyusuf Abduxalilov va Azizillo Abdulhodiyev qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin toshkentlik triatlonchi Egor Egorovga nasib etdi. Ayollar bahsida qashqadaryolik Nadejda Troshina birinchi bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarni toshkentlik sportchilar Dayana Lukiyenko va Diana Bektemirova egalladi.
16-19 yosh toifasida erkaklar o‘rtasida toshkentlik sportchilar Sulton Aliyev, Abdullajon Qoraboyev va Ikromxon Umarov marra chizig‘ini ketma-ketlikda bosib o‘tdi. Ayollar bellashuvida Navoiy viloyati sharafini himoya qilgan Dilnura Xolniyozova birinchilikni qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlarni qashqadaryolik Elnora Haqnazarova hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilasi Mashhura Yusupboyeva band qildi.
Shuningdek, chempionat davomida havaskor triatlonchilar turli yosh toifasida jamoaviy va yakkalik bahslarida qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Chempionatning taqdirlash marosimida Xalqaro triatlon federatsiyasi prezidenti Marisol Kasado, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov va Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etib, musobaqa g‘oliblariga diplom, pul mukofoti va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
G‘. Hasanov,
A. Isroilov (surat), O‘zA