Ozarbayjonning Ganja shahrida MDH davlatlari bojxona xizmati kinologlari o‘rtasida o‘tkazilgan XI ko‘pkurash musobaqalarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan kinologlarimiz o‘zlarining xizmat itlari bilan 3 ta nominatsiya bo‘yicha faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov mazkur musobaqalar bojxona xizmatlari kinologlari o‘rtasida do‘stona aloqalarni kuchaytirish, amaliy bilim ko‘nikmalarini oshirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, ishtirokchilarni qizg‘in qutladi.

Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston Respublikalari bojxona xizmatlari kinologiya sohasi rahbarlari, mutaxassislari ishtirok etgan musobaqalar qiziqarli jarayonlarga boy tarzda o‘tdi. Bundan tashqari, MDHga a’zo davlatlar Bojxona xizmatlari rahbarlarining huquqni muhofaza qilish tuzilmalari rahbarlari qo‘mitasi kinologiya masalalari bo‘yicha ishchi guruhining 27-yig‘ilishi va “Aeroport nazorati punktlarida xizmat itlaridan foydalanish xususiyatlari” mavzusida seminar ham bo‘lib o‘tdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Avtotransportda giyohvand moddalarini qidirish”, “Bagaj va qo‘l yukida giyohvand moddalarni qidirish” nominatsiyalarida Milliy kinologiya markazi xodimi O. Berdiqulov o‘ziga biriktirilgan “Vega” laqabli xizmat iti bilan faxrli birinchi o‘rinni egalladi.

“Xonada giyohvand moddalarni qidirish” nominatsiyasi bo‘yicha esa S. Soibjonov o‘ziga biriktirilgan “Simba” laqabli xizmat iti bilan faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

 

Sh. Mamaturopova, O‘zA