Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifini tasdiqlash, ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash, saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilar hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarini akkreditatsiya qilish va boshqa bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Majlisni MSK raisi Z.Nizomxo‘jayev kirish so‘zi bilan ochib, yurtimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayonga barcha talablarga muvofiq tarzda hozirlik ko‘rilayotganini qayd etdi.
Shundan so‘ng MSK kotibiyati mudiri Xudoyor Teshayev kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan ma’ruza qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi bilan tanishtirdi. Ta’kidlanganidek, saylov byulleteni saylovchining ovozini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi.
Majlisda Prezident sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi tasdiqlandi.
Shuningdek, majlisda ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Bu bo‘yicha MSK a’zosi Alisher Isoqboyev ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, bugun raqamli texnologiyalar rivojlanib borayotgan bir paytda saylov jarayonlarida ham ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim. Bu borada Raqamli texnologiyalar va Ichki ishlar vazirliklari mutaxassislari bilan birgalikda takliflar ishlab chiqildi. Saylov kuni ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida respublikaning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha saylov uchastkalarida videokamera va boshqa zarur qurilmalar o‘rnatish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berish jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida saylovni o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasining tavsiyasiga asosan Toshkent shahrining tumanlari hududida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilmoqda. Majlisda tajriba-sinov tariqasida ayrim saylov uchastkalarida saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tartibi tasdiqlandi va qaror qabul qilindi.
Majlisda MSK a’zosi S.Qurbonqulovning Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi axboroti tinglandi. Qayd etilganidek, joriy yil 10 maydan 5 iyunga qadar Markaziy saylov komissiyasiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 63 ta murojaat kelib tushgan. Eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo viloyati hamda Toshkent shahridan kelgan. Murojaatlarning 32 tasiga tegishli tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 23 tasi MSK vakolatiga oid bo‘lmagani bois, tegishli tashkilotlarga yuborilgan.
Bundan tashqari, yig‘ilishda muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotdan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. MSKning qarori bilan YeXHT DIIHB, MDH kabi kuzatuvchi missiyalarning 43 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Endilikda jami akkreditatsiyadan o‘tkazilgan xalqaro kuzatuvchilar soni 55 nafarga yetdi.
Shuningdek, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar asosida 25 ta ommaviy axborot vositasining 124 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Hozirgi kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakillarining soni 353 nafarni tashkil etmoqda.
Majlis davomida Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan 2-Andijon, 3-Buxoro hamda 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raislarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususida axborotlari tinglandi. Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
Nosirjon Haydarov(surat), O‘zA