O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Do‘rmon” ijod uyida “Ellik birinchi qal’a” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, kitobxonlar jam bo‘ldi. Mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, yaxshi kitoblar nashri va targ‘ibotini kuchaytirish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

“Ellik birinchi qal’a” nomli mazkur kitob mustaqillik yillarida turli idora va tashkilotlarda samarali faoliyat olib borgan, Ellikqal’a tumani rivoji va ravnaqi yo‘lida uzoq yillar mas’ul vazifalarda xizmat qilgan ma’rifatparvar inson, olim, Toshkent davlat agrar universiteti dotsenti Ne’matulla Xudoybergenovning hayot yo‘li va faoliyati haqida badiiy-hujjatli maqolalar, lavhalar, she’rlardan tarkib topgan.

Unda zamon bilan hamnafas, hamqadam, yangilanishlar, bunyodkorlik ishlari elimizga tanilgan shaxslar tomonidan samimiy talqin etilganki, ular kitobxonni befarq qoldirmasligi aniq.

Ma’lumki, Ellikqal’a tumani Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiy tayanch nuqtalaridan sanaladi. Ayni paytda mazkur tumanda o‘tgan yillar mobaynida ko‘plab adabiy anjumanlar, tanlovlar, yoshlar forumlari, ma’rifiy loyihalar, kitobxonlik festivallari bo‘lib o‘tmoqda. Bunday adabiy-ma’rifiy tadbirlarni yuqori saviyada, baland ruhda o‘tkazishda ijodkor ziyolilarning peshqadam vakili Ne’matulla Xudoybergenov kabi zahmatkash hamyurtlarimizning hissasi bor, albatta.

Kitob “Samo Nashr” nashriyotida chop etilgan bo‘lib, tuzuvchi va nashrga tayyorlovchi – Ro‘zimboy Hasan. Mas’ul muharrir – Sirojiddin Rauf.

 

N.Usmonova,

O‘zA muxbiri