O‘zbekiston va Malayziya endi jinoyat ishlari bo‘yicha bir biriga huquqiy yordam ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Malayziya Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Ahmad Terrirudin bin Mohd Salleh bilan uchrashdi.

Uchrashuvning muhim voqeasi – O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Malayziya Hukumati o‘rtasida jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi davlatlararo shartnoma imzolanishi bo‘ldi. Tomonlar mazkur hujjat ikki tomonlama idoralararo hamkorlikka turtki bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Malayziya Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Ahmad Terrirudin bin Mohd Salleh boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga ham tashrif buyurdi. Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorov mehmonlarni mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohotlar bilan tanishtirdi. Bu jarayonda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda professional sudyalar korpusini shakllantirish ustuvor vazifaga aylanganini qayd etdi.

Delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda sudlar faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholash elektron dasturi bilan tanishib, professional sudyalar korpusini shakllantirishda mazkur elektron dasturni muhim omil sifatida e’tirof etdi.

 

N. Abduraimova, O‘zA