9 iyun kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov yurtimizga tashrif buyurgan Qatar bosh vaziri o‘rinbosari – mudofaa ishlari bo‘yicha davlat vaziri Xolid bin Muhammad al-Atiya rahbarligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Dastlab mehmonlarni faxriy qorovul ishtirokida rasmiy kutib olish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.
Mudofaa vazirligi markaziy apparatida o‘tkazilgan ikki tomonlama hamkorlik uchrashuvida general-leytenant Bahodir Qurbonov qatarlik hamkasbini O‘zbekistonga uyushtirgan tashrifi bilan qutlab, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stona munosabatlar jadal rivojlanib, yangi tarixiy bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab o‘tdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan ma’lum qilinishicha, uchrashuv davomida vazirlar xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari, xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, uning rivojlanish istiqbollarini muhokama qilishdi.
Shuningdek, ikki davlat mudofaa vazirlari harbiy sohada kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan masalalar borasida ham fikr almashishdi.
O‘zA