AQSH mudofaa vazirligi Ukraina uchun ikki milliard dollar qiymatida yangi qurol-yaroq majmuasi berilishini e’lon qiladi, deb xabar tarqatdi “Bloomberg” agentligi AQSH ma’muriyati manbalariga tayanib.
Xabarda aytilishicha, ushbu mablag‘ Ukraina xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash tashabbusi doirasida “Hawk” raketalari va shu raketalarni yo‘naltiruvchi qurilmalar hamda “Patriot” tizimi uchun modernizatsiyalashtirilgan raketalar sotib olishga sarflanadi.
Agentlik ma’lumotida keltirilishicha, bu yerda gap “Lockheed Martin” ishlab chiqarayotgan “Patriot Advanced Capability-3” boshqariladigan zenit raketasi hamda “Raytheon Technologies” kompaniyasining yuqori aniqlikdagi “GEM-T” raketasi haqida bormoqda.