Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an respublika Markaziy bankining yangi rahbari etib Hafize Gaye Erkanni tayinladi. Bu haqdagi Farmon “Resmi Gazete” nashrida e’lon qilindi.
Markaziy bankning sobiq rahbari Shahop Kavjio‘g‘lu bundan buyon bank faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish kengashiga rahbarlik qiladi.
Hafize mamlakat Markaziy bankini boshqaradigan ilk ayolga aylandi. U Prinston universitetida moliya mutaxassisligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan, Garvard va Stenford universitetlarida moliya sohasida qo‘shimcha ta’lim olgan. “Goldman Sachs” investitsiya bankida ishlagan, “First Republic Bank” boshqaruvi a’zosi bo‘lgan.
Mahalliy matbuot yozishicha, Erkanning tayinlanishi yangi moliya vaziri Mehmet Shimshek bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Unga mamlakat iqtisodiyotida tartib o‘rnatish vazifasi topshirilgan.