O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.
Unga muvofiq, O‘zbekistonda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) tashkil etiladi. Universitet davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi va uning faoliyati “Hub and Spoke” tamoyili asosida tashkil etiladi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Universitetning ta’sischisi hisoblanadi.
Universitetda o‘quv jarayoni nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Universitetni tamomlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga, besh yillik ish stajiga ega bo‘lgandan keyin mutaxassisligi bo‘yicha rahbar lavozimlarga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Universitetning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy muammolarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar, rahbarlar va tadbirkorlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni boshqarish va barqaror rivojlanish sohasida milliy, mintavaviy va xalqaro innovatsion tizimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi bilimlarni tatbiq etish va fanlararo tadqiqotlarni amalga oshirish;
jahonning yetakchi “yashil” universitetlari tomonidan qo‘llaniladigan ilg‘or ta’lim dasturlari, innovatsion pedagogik uslub va texnologiyalarni ishlab chiqish, moslashtirish va joriy etish;
ilmiy-tadqiqot va amaliy bilimlarni integratsiya qilish, klaster asosida faoliyatni yo‘lga qo‘yish, akademik va kasbiy tajriba almashish, ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini joriy qilish;
xorijiy, davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, O‘zbekiston, mintaqa va jahon ilmiy markazlarini birlashtirishda bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladigan samarali platforma yaratish;
ilmiy va ta’lim jarayonlarini boshqarishning eng samarali tizimini yaratish, xorijiy ilmiy ekspertlarni jalb etish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va xalqaro reytinglarda yetakchi o‘rinlarni egallagan jahonning “yashil” universitetlari bilan strategik hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;
Universitetning xalqaro ta’lim maydonida tan olinishiga erishish, nufuzli oliy ta’lim muassasalari reytinglarida munosib o‘rin egallash; ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmon xo‘jaligi va gidrometeorologiya sohasida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish uchun uzluksiz ta’lim tizimini, shuningdek, boshqaruv xodimlari uchun maxsus ta’lim dasturlarini yaratish;
Universitet tarkibiga kiruvchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnika bazasi hamda ilmiy kadrlar salohiyatini mustahkamlashdan iborat.
O‘qish o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.Bakalavriatda O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini hisobga olgan holda ingliz tili va Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy tillaridan birida o‘rgatiladi.
Ta’lim davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
O‘quv jarayoni “fan – ta’lim – ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili bo‘yicha tashkil etilib, birinchi kursdan boshlab talabalarga ishlab chiqarish va ilmiy markazlarda, magistrantlarga esa “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali o‘qishni yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida davom ettirish va nufuzli xorijiy kompaniyalarda malaka amaliyotini o‘tash imkoniyati beriladi.
Talabalarni qabul qilish parametrlari vazirlik bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadi.
Yetakchi, e’tirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va boshqalar) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlar tegishli fanlardan belgilangan tartibda eng yuqori ball oladi va kelgusida ular ushbu fanlardan imtihon topshirishdan ozod qilinadi.
Har yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib va shartlarga asosan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kamida 25 ta hamda magistratura va doktorantura (PhD) mutaxassisliklari bo‘yicha kamida 20 ta grant o‘rinlari ajratiladi.
2023 yil 1 sentyabrdan boshlab oliy ta’lim muassasalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmonchilik, “yashil” iqtisodiyot va gidrometeorologiya va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlaridagi eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri stipendiyasi ta’sis etiladi.
O‘zA