“O‘zarxiv” agentligida 9 iyun – Xalqaro arxivlar kuni munosabati bilan ayni mavzuda davra suhbati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi ko‘magida bu yil ilk bor tashkil qilingan onlayn formatdagi ushbu tadbirda Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston hamda O‘zbekiston arxiv organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Xalqaro arxivlar kuni Xalqaro Arxivlar Kengashi tomonidan 2007 yilda Kvebekdagi (Kanada) Bosh assambleyasida tasdiqlangan.
Mazkur sananing tanlanishi ham bejiz emas, zero, 1948 yilda aynan shu sanada YUNESKO qarori bilan va uning homiyligida Xalqaro Arxivlar Kengashi tashkil topgan. Xalqaro arxivlar kunining ilk bora nishonlanishi 2008 yilda Xalqaro Arxivlar Kengashi tashkil topganining 60 yilligini keng nishonlash doirasida bo‘lib o‘tgan. Bugungi kunga kelib Xalqaro Arxivlar Kengashida 199 ta davlatdan 1900 ga yaqin a’zolar mavjud. Kengashning asosiy vazifasi dunyo arxiv merosini saqlash, muhofaza qilish va kengaytirish hamda xalqlarning o‘z tarixini o‘rganish va bilishga oid bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishda yordam berishdan iborat. “O‘zarxiv” agentligi 2009 yildan Xalqaro Arxivlar Kengashining to‘laqonli a’zosi hisoblanadi.
Tadbirda davlat arxiv idoralari rahbarlari arxiv ishi sohasidagi yutuqlar, muammolar va yechimlariga doir qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi. Shuningdek, SHHT davlatlari bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, arxiv idoralari o‘rtasida do‘stona hamkorlikni kuchaytirish, delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini uyushtirish yuzasidan takliflar berildi. Hamkorlik davomida festivallar, arxiv hujjatlari ko‘rgazmalarini tashkil etish, qo‘shma nashrlar, kataloglar tayyorlash masalalari muhokama etildi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA