Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan sportning texnik va amaliy turlari ommabopligini ta’minlash maqsadida “Vatanparvar” tashkiloti mening taqdirimda” shiori ostida festival o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayonlarida yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, sog‘lom e’tiqodli, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirishga alohida e’tibor berilayotganligi ta’kidlandi.
“Vatanparvar” tashkiloti faoliyati, uning rivojlanish yo‘nalishlari, yurtimiz ijtimoiy hayotida tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. Bolalar, o‘smirlar va yoshlar tashkilot tizimida mavjud sportning texnik va amaliy turlari bo‘lgan o‘q otish, yozgi biatlon, karting, avtosport, aviamodel, parashyut va boshqa turlari bo‘yicha seksiya hamda to‘garaklarning faoliyati bilan tanishtirildi.
Tadbir ishtirokchilariga “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashida mavjud o‘quv avtomobillari, sport seksiyalari va ulardagi zamonaviy texnikalar namoyish etildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA