Vazirlar Mahkamasi “2023 yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, ichki bozorni bug‘doy va un mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash hamda narxlarni barqarorlashtirish uchun 2023 yilda sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan o‘rtacha 2,5 tonnadan, jami 2 mln 565 ming tonna bug‘doy, jumladan:
1 mln 283 ming tonna tovar bug‘doy davlat resursi sifatida;
240 ming 450 tonna urug‘lik bug‘doy esa O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xarid qilinadi.
1 mln 41 ming 550 tonna tovar bug‘doy fermer xo‘jaliklari hamda boshqa bug‘doy yetishtiruvchilar tomonidan keyinchalik birja savdolari orqali sotish uchun Jamg‘armaning tijorat vakili tomonidan vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi.
“O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalar va bug‘doyni saqlash quvvatiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari Jamg‘arma nomidan bug‘doy yetishtiruvchilardan tovar bug‘doyni sotib olish, qabul qilish va saqlash, shuningdek, xaridorlarga yuklab jo‘natish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tijorat vakili hisoblanadi.
Bug‘doy yetishtiruvchilar tomonidan vaqtincha saqlashga qabul qilinadigan 5 va undan yuqori sinflardagi tovar bug‘doy barcha tadbirkorlik sub’ektlariga birja savdolari orqali cheklovlarsiz sotiladi.
O‘zA