Qozog‘iston poytaxtida “Muloqot orqali qiyinchiliklarni yengish: hamkorlik, rivojlanish va taraqqiyot yo‘lida” shiori ostida Astana xalqaro forumi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda qator mamlakatlarning davlat va hukumat yetakchilari, xalqaro tashkilotlar va yirik kompaniyalar rahbarlari, taniqli siyosiy arboblar, ekspert doiralari vakillari ishtirok etmoqda. 300 dan ortiq chet el delegatlari orasida Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon savdo tashkiloti, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, YeXHT, YUNESKO kabi tuziilmalar rahbarlari bor.
Tadbir barcha manfaatdor tomonlarni yaqin muloqotga chaqiradi, birgalikda to‘rt asosiy yo‘nalish – tashqi siyosat va xalqaro xavfsizlik, xalqaro rivojlanish va barqarorlik, energetika va iqlim o‘zgarishi, iqtisodiyot va moliya bo‘yicha global muammolarni aniq, samarali hal etishga taklif qiladi.
Strategik hamkor – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, bosh media-sherik esa “CNN” telekanali. Ayrim sessiyalar “Euronews”, BMT Taraqqiyot dasturi, “UNECE”, “EcoJer” assotsiatsiyasi, “ASMAR” ayol tadbirkorlar xalqaro kongressi, Xalqaro “Astana” Moliya markazi qo‘llab-quvvatlovi bilan uyushtirildi. Anjuman xorijiy hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, biznes va ilmiy doiralar yuqori martabali delegatlari o‘rtasida iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat taqchilligi va energiya xavfsizligi muammolarini hal etish yo‘llarini muhokama etish uchun muloqot maydoniga aylandi.
Nufuzli tadbirda nutq so‘zlagan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev forumning maqsadi, vazifalarini ifodalab berdi.
– Sizlarni Astana xalqaro forumida qutlashdan behad xursandman, – dedi davlat rahbari. – Bu yerda butun dunyodan do‘stlarimiz, hamkasblarimiz, hukumatlar, diplomatiya, biznes va ilmiy doiralar vakillari yig‘ilgan. Maxsus mehmonlarimiz – Qatar Amiri, Qirg‘iziston Prezidenti, Bosniya va Gersegovina Prezidiumi raisi, O‘zbekiston Bosh vaziri va boshqa hurmatli ishtirokchilarga samimiy minnatdorligimni bildirmoqchiman. Biz bilan hamkorlik qilishga qaror qilganingiz biz uchun katta sharaf. Bu jarayonda global iqtisodiy vaziyat va mintaqaviy sheriklik bo‘yicha samarali fikr almashiladi, deb umid qilaman.
Qozog‘iston yetakchisi ma’ruzasida, jumladan, Orol dengizi va suv bilan bog‘liq umumiy muammoga alohida to‘xtaldi:
– Mintaqadagi ikki yirik daryo – Sirdaryo va Amudaryoning suv sathi 2050 yilga borib 15 foiz pasayadi. Biz bu mintaqaviy ofatning oldini olish maqsadida Xalqaro Orolni asrash jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqiramiz. Suv va iqlim o‘zgarishi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Markaziy Osiyo suv xavfsizligi masalasini faqat yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma samarali chora-tadbirlar amalga oshirish orqali hal etish mumkin bo‘lgan mintaqa.
Anjuman davom etyapti.
Sharofiddin To‘laganov,
O‘zA