Mamlakatimizda muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish maqsadida xorijiy kuzatuvchilar ish olib bormoqda.
Bugun Markaziy saylov komissiyasida YeXHT DIIHBning muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasining asosiy guruh vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda MSK Raisi Z.Nizomxo‘jayev, missiya rahbari, elchi Ursula Yuzefa Gachek, uning o‘rinbosari Aliksiy Lichkovax hamda missiya ekspertlari Anna Melikyan va Masha Yanushevichlar bilan muloqot olib bordi.
Uchrashuv chog‘ida Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxo‘jayev Prezident sayloviga hozirlik ko‘rish borasidagi jarayonlar haqida ma’lumot berar ekan, shu kunlarda saylov kampaniyasi tobora qizg‘in pallaga kirib borayotgani, bu mas’uliyatli jarayon Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov kodeksida belgilangan tartiblarga binoan izchillik bilan muvofiqlashtirib borilayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Jumladan, muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejasiga muvofiq saylovlarni o‘tkazuvchi 14 ta okrug va 10 ming 783 ta uchastka saylov komissiyalari shakllantirilganligi qayd etildi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va tezkor axborot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, bugungi kunga qadar 299 nafar ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda boshqa qator ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.Shuningdek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga oshkoralik berish maqsadida tadbirlarning tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi axborotlar eng avvalo, saylovchilarga hamda siyosiy partiyalarga Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazilayotgani xususida so‘z yuritildi.
Uchrashuvda YeXHT DIIHBning O‘zbekistonda o‘tkazilgan saylovlarni kuzatish missiyalarining xulosalari bo‘yicha hisobotlaridagi tavsiyalarni milliy qonunchiligimizga va amaliyotimizga implementatsiya qilish, saylovlarga oid huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Missiya rahbari elchi Ursula Yuzefa Gachek ta’kidlaganidek, DIIHB missiyasining asosiy guruh vakillari tajribali ekspertlardan, shu jumladan, siyosiy, huquqiy, media hamda saylov sohasidagi tahlilchilar, DIIHB xodimlari va maslahatchilaridan iborat bo‘ladi. Shuningdek, asosiy guruh ekspertlaridan tashqari missiya tarkibiga uzoq muddatli kuzatuvchilar ham qo‘shilishini ma’lum qildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA