Qoraqalpog‘iston o‘zining olijanob xalqi, qadimiy urf-odatlari va sohrosi go‘zalligi bilan ming yillar davomida yashnab kelayotgan makon sifatida ajralib turadi. Hududning turizmbop yodgorliklari, tarixiy va madaniy meros ob’ektlari ayni paytda dunyoni o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Qoraqalpog‘istonning yutug‘i – butun O‘zbekistonning yutug‘i, Qoraqalpog‘istonning tashvishi – butun O‘zbekistonning tashvishi”, degan purma’no so‘zlari yuksak g‘oya sifatida hamisha amaliy harakat dasturi bo‘lib, qoraqalpog‘istonlik yoshlarni to‘lqinlantirib yubordi.

“Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir”, degan so‘zlari qoraqalpoq xalqiga yangicha qarash, umid va kelajakka katta ishonchni baxsh etdi.

Bugun qoraqalpog‘istonliklar davlatimiz rahbarining alohida mehri va samimiy e’tibori tufayli har galgidan o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyatda. Yurt chiroy ochmoqda, mehmonlarga boy serfayz maskanga aylanmoqda. U yerda olib borilayotgan jadal ijtimoiy-iqtisodiy, fan va ta’lim sohalaridagi islohotlar barchaga birdek manzur bo‘lmoqda.

Ayni paytda Qoraqalpog‘istonda davlat dasturiga asosan boshlang‘ich sinflar uchun tushlik bepul tashkil qilingan, farzandlarimiz yorqin va shinam maktablarda o‘qimoqda, ularga barcha sharoit mujassam. Bundan tashqari, ko‘plab oliy ta’lim muassasalarining filiallari ochilib, aholining uzog‘i yaqin, og‘iri yengil qilinmoqda. Bolalar ota-onasi bag‘rida tahsil olishi esa, ham ma’naviy madad, ham ro‘zg‘or uchun iqtisodiy tejam bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hududda turizmiga qaratilgan kuchli e’tibor va sarmoyaviy dasturlar, targ‘ibotu tashviqotlar amalga oshirilayotgani keng ko‘lamli islohotlarga monand ravishda natijalarini ko‘rsata boshladi.

Bugungi islohotlar jadal sur’ati, ko‘lami va taronasi ming asrki et va tirnoq kabi bir oila bo‘lib yashab kelayotgan xalqlarimizning oqibatliligi, do‘stligiga hech bir tashqi kuch raxna sololmasligini amalda isbotladi. Axir sarhadlarimiz, nonu tuzimiz, maqsadimiz bir butun.

Ayni paytda yagona Vatan g‘oyasi ostida yoshlarimiz aql va intellektual salohiyat bilan birlashdi. Jumladan, o‘z yurti taqdirini o‘zi yaratishi kerakligini, o‘zi yashayotgan o‘lkani obod qilishga hozirdan hissa qo‘shish kerakligi, ertaga kech bo‘lishini tushunib yetdi.

Hayotiy qilib aytganda, muhtaram Prezident tomonidan ajratilayotgan salmoqli sarmoyalarni qayerga tikish, undan qanday doromad olish va globallashuv sharoitida axborot texnologiyalari imkoniyatidan keng foydalanish lozimligini anglab yetdi.

Xususan, qisqa vaqt ichida Qoraqalpog‘istonning turizm infratuzilmasini, Qirq qiz, Ellikqal’a, Mizdakxan kabi ko‘plab arxeologik yodgorliklar, Aqchako‘l, Qorateran kabi jozibador ko‘llarni turizm ob’ekti ro‘yxatiga kiritish strategiyasi ishlab chiqildi.

Ta’kidlash joizki, 2022 yilda Qoraqalpog‘istonda 2021 yilga nisbatan sayyohlar soni 2 barobar oshib, 50 ming nafarga yetgani qayd etilgan. Joriy yilda 110 mingga yetishi kutilmoqda. Hudud uchun ichki sayyohlar oqimi ham muhim ahamiyat kasb etib, 2021 yilga nisbatan 3 barobar o‘sib, 600 ming nafarni ko‘rsatmoqda. Yil yakuniga qadar 663 ming nafar sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda.

O‘tgan davrga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2016 yilda Qoraqalpog‘istonda bor-yo‘g‘i 18 ta turizm infratuzilmasi faoliyat yuritgan bo‘lib, ayni paytda bu 94 taga yetdi va ko‘rsatkich 5 barobarga oshganini ko‘rsatadi. Sarhisob qiladigan bo‘lsak, hozirda 28 ta mehmonxona, 43 ta oilaviy mehmon uyi, 23 ta turistik “Hotel” bor. Ulardagi o‘rinlar soni 2 mingtani tashkil etadi. 54 ta turoperator va turagent mahalliy va xorijiy sayyohlarga maishiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 288 ta madaniy meros va ziyorat ob’ekti ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shundan 131 tasi arxeologik ob’ekt, 24 tasi arxitektura ob’ekti, 88 tasi monumental ob’ekt va 45 tasi diqqatga sazovor va global tarmoqlarda reklama qilishga arziydigan maskanlardir. Shu maqsadda ayni paytda 40 dan ziyod madaniy-meros ob’ekti turizm yo‘nalishlariga kiritilgani hududda sayyohlar oqimi jadal oshishiga zamin bo‘lmoqda.

Davlat dasturlariga asosan Qoraqalpog‘istonga sayyohlarni yanada ko‘proq jalb etish maqsadida muntazam ravishda Navro‘z, milliy ot o‘yinlari, “Stixiya”, “Orol baliqlaridan 99 turli taom”, “Mo‘ynoq va Orolning qayta tiklanishi”, “Mo‘ynoq ralli” kabi tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida rektor boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi tarixiy, arxeologik ob’ektlarni loyihalashtirish va global tarmoqqa joylash ishlari bo‘yicha faol sa’y-harakat olib bormoqda.

Bu ilmiy tadqiqotlar yangi turizm infratuzilmalari barpo etilishi va Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy barqarorligiga xizmat qilishi shubhasiz.

Xo‘jayli va Ellikqal’a hududlarida turizm salohiyatini oshirish va madaniy-meros ob’ektlarini targ‘ib qilish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi mutasaddilar bilan hududda tadqiqot ishlarini davom ettirmoqda.

Alohida qayd etish joizki, tarixiy qal’alarni qayta ta’mirlash va infratuzilmaga kiritish uchun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 10 milliard mablag‘ evaziga Aqchako‘l sohillarida tashkil etilgan 600 metrlik plyaj, 200 o‘rinlik mehmonxona sayyohlar uchun xizmat qilmoqda.

Mazkur turizm tadqiqotlarida “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Sahro sadosi” yoshlar festivali muhim ahamiyat kasb etdi.

Universitet tomonidan tashkil etilgan festival mamlakatimiz, shu jumladan, Qoraqalpog‘istonning turistik salohiyatini oshirishda muhim jozibadorlik kasb etdi.

Shuningdek, Aqchako‘l, Ayozqal’a, “Yoshlar” oromgohi kabi maskanlarda ko‘tarinki ruhda start berilgan “Sahro sadosi” festivali doirasida yoshlar o‘zlarining iqtidorini namoyish etishdi.

“Sahro sadosi” festivali nafaqat yurtimiz, balki xorijliklar tomonidan ham katta hayajon va zavqu shavq bilan kuzatib borildi. Festival doirasida turizmga oid ilmiy-amaliy konferensiyalar, ko‘rgazmalar va taqdimotlar, xalq o‘yinlari bilan uyg‘unlashtirilgan sport musobaqalari o‘tkazildi. Xalq qo‘shiqlari kuylanib, ajoyib raqslar, qiziqarli voqealar va yorqin xotiralarga boy bo‘ldi.

Festival nafaqat turizm infratuzilmalari salohiyatini oshirish, yangidan-yangi ish o‘rinlarini yaratish, balki yoshlar o‘rtasida ijod, madaniyat va san’at, sportni rivojlantirish, talabalar, bitiruvchilar hamda uyushmagan yoshlarning jamiyatda munosib o‘rin topishida ko‘maklashishga zamin bo‘ldi.

Festivalda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti vakillari ilg‘or tashabbuslarini amalda tatbiq etgan holda Ellikqal’a tumaniga ham tashrif buyurdi. Festival doirasida yoshlar Ayozqal’aga borib, sahro jozibasidan bahra oldilar. Aqchako‘ldagi Amfiteatr ochilish marosimida Nukus davlat pedagogika universiteti talabalari ham o‘z chiqishlari bilan ishtirok etdi.

“Sahro sadosi” yoshlar festivali doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini, milliy o‘yinlar, qoraqalpoq taomlari chempionati, kuy-qo‘shiqlar, rasm chizish, suvda va quruqlikda futbol va boshqa ko‘plab bellashuvlar o‘tkazildi.

Tadbirlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Ellikqal’a tumani hokimligi vakillari hamrohligida Mehribonlik uylariga tashrif buyurildi.

“Sahro sadosi” festivali jozibasi tufayli hududda barpo etilayotgan ulkan turizm infratuzilmalariga yangicha qiyofa, ulkan maqsad va umumbashariy do‘stlik urug‘lari sepilgandek bo‘ldi.

Festival nafaqat yurtimizdagi, balki xorijdagi turizmga ixlosmand yoshlarni bir nuqtada birlashtira oldi, yaqin kelajakda Qoraqalpog‘istonda turizm sohasida Qoraqalpoq “osmon rejimi” tashkil etilib, insoniyatning bebaho qadriyatlari bo‘lmish arxeologik yodgorliklar jahonga keng targ‘ib etilishiga, sayyohlar oqimi ko‘payishiga olib keluvchi amaliy qadam bo‘ldi.


Sherzod QURBONOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xodimi.

O‘zA