Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani tibbiyot birlashmasi shifokor va hamshiralaridan iborat 16 nafar xodimning Nukus shahrida malaka oshirganlik bo‘yicha kunlik, ayrim xodimlarning yo‘l haqi va yashash xarajatlari qoplab berilmayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
–Tegishli mansabdor shaxslar tomonidan xodimning malaka oshirishi, xizmat safari xarajatlari hisoblanmasligi, shu bilan birga xodimlarning malaka oshirishi ularning o‘zlari uchun amalga oshirilayotganligi va malakasini oshirmagan xodimlarga nisbatan ko‘proq ish haqi olganligi bilan manfaatdor bo‘lishlarini ta’kidlashdi, – deydi Qonliko‘l tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Asilbek Iskenderov. – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 apreldagi “Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorining 7-bandi ikkinchi xatboshisida – asosiy ishidan ajralgan holda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish kursiga yuborilgan boshqa shaharlik tinglovchilarga o‘qish joyiga bir marta kelish va ketish, shuningdek, yuboruvchi tomon hisobiga yashash xarajatlari qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishi qayd etilgan.
Yuqoridagilarga asosan, xodimlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritilishi natijasida murojaat mualliflariga tegishli 40 million so‘mga yaqin xizmat safari xarajati qoplandi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri