Yurtimizda muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ochiqlik va oshkoralik qay darajada ta’minlanadi? Ushbu saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida ommaviy axborot vositalarining ishtiroki qanday bo‘ladi?
Ta’kidlash joizki, saylov jarayonlarida ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflik ta’minlanishida OAV vakillarining ishtiroki juda muhim. Zero, ommaviy axborot vositalarida fuqarolarga, saylovchilarga ushbu tadbirga hozirlik ko‘rish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot va axborotlar berib boriladi.
Milliy saylov qonunchiligimizda, xususan, Saylov kodeksida saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishdagi ochiqlik va oshkoralik borasida ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday o‘tayotganligini yoritib borishi, saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi belgilangan.
Bundan tashqari, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.
Ayni paytda qizg‘in pallaga kirib borayotgan saylov kampaniyasida OAV vakillari ham ushbu jarayonlarni faol yoritishi uchun barcha sharoit va keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi huzurida Prezident saylovini yoritish bo‘yicha Matbuot markazi ishga tushdi. Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda.
– Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy tadbirni keng yoritish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda, – deydi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati rahbari Murodilla Alimboyev. – Bugungi kunda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mahalliy ommaviy axborot vositalaridan jami 229 nafar vakil akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Jumladan, 3 ta teleradiokanal, 35 ta bosma OAV, 13 ta internet nashri hamda 1 ta axborot agentligining vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish ishlari davom etmoqda. OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalar 2023 yil 28 iyun soat 18:00 ga qadar qabul qilinadi.
Darhaqiqat, joriy yil 9 iyulda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ochiqlik va oshkoralikni, OAV vakillarining faol ishtirokini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu siyosiy tadbir mamlakatimizning istiqboldagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida dolzarb ahamiyat kasb etar ekan, uni munosib tarzda, ochiq va shaffof o‘tkazish muhim.
Muhtarama Komilova, O‘zA