AQSHning Nyu-York shahri Kanadadagi o‘rmon yong‘ini tutuni to‘planib qolgani sababli dunyodagi havo sifati eng yomon shaharlar orasida birinchi o‘ringa ko‘tarildi, deyiladi “NBS News” telekanali tarqatgan xabarda. Kanada o‘rmonlarida yuz bergan yirik yong‘inlar tutuni AQSHning sharqiy qismini qoplagan, o‘tkir havo osmonni to‘q sariq rangga aylantirgan.
Munitsipal ma’muriyat 16 shtatdagi 128 millionga yaqin odamni o‘rmon yong‘ini tufayli havo sifati yomonlashishi mumkinligidan ogohlantirdi, ularga uyda qolish tavsiya etilmoqda.
Chorshanba kuni Nyu-York gubernatori Keti Xochul havoga salbiy ta’sir etayotgan mazkur holatni “sog‘liqni saqlash va ekologiya sohasi inqirozi”, deb atadi va barchadan ushbu masalaga jiddiy yondashishni so‘radi.
Milliy ob-havo xizmati ma’lumotiga ko‘ra, havodagi zararli moddalarning yuqori darajasi Nyu-York shtatining asosiy hududlarida hafta oxirigacha saqlanib qoladi.
Odatda havo sifati indeksi 50 atrofida bo‘ladi. Binobarin, chorshanba kuni Bruklinda bu ko‘rsatkich 413, Kvinsda 407 ga chiqdi. Vashington va Boston shaharlarida ham havo juda ifloslangan, Filadelfiya (Pensilvaniya)da esa xavfli “qizil kod” joriy etildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Kanadada kecha 414 marta o‘rmon yong‘ini qayd etildi. Xavfli hududlardan 20 ming kishi ko‘chirilgan. Umuman, joriy yil Kanada o‘rmonlarida 2 200 dan ko‘p yong‘in sodir bo‘lib, taxminan 3,8 million gektar joy kulga aylangan.
S.Rahimov, O‘zA