Mamlakatimizda yer va kadastr nazorat ishlarini olib borish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Isatay Tleuov bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Davlatimiz rahbarining 2023 yil 30 martdagi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida aynan Qoraqalpog‘istondagi huquqiy hujjatlarga ega bo‘lmagan 46 mingdan ortiq uy-joylarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yuzasidan topshiriq berilgan edi, – deydi Isatay Tleuov. – Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi tizim xodimlari tomonidan shahar va tumanlarda uyma-uy xatlov o‘tkazish ishlari olib borildi. Aniqlangan 46 ming 842 ta uy-joyga huquqi mavjud bo‘lmagan mulk egalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha loyiha tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Unda ko‘chmas mulkning joylashgan yer turi va manzillari, shuningdek, imorat qurilgan yillar ham inobatga olinadi. 46 ming 842 ta ob’ekt ichida turar joylar, noturar joylar va yer uchastkalari ham mavjud. Hozirda yuqorida ta’kidlab o‘tilgan mulk egalariga mulkiga egalik qilish huquqini berish tartibi ishlab chiqilmoqda.
– Ushbu tashrif davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish masalasi ham aytilgan edi. Shu haqda to‘xtalib o‘tsangiz.
– Qishloq xo‘jaligidagi sug‘oriladigan yer maydonlarida o‘tkazilayotgan xatlov ishlariga Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmalari, shuningdek, Respublika Aerogeodeziya markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilgan. Amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish va yer maydonlarining aniq o‘lchovlarini olish maqsadida viloyatlardan jami 25 xodim geodezik texnikalar bilan jalb qilingan. Shuningdek, yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, undan foydalanuvchilar va sug‘oriladigan ekin yer maydonlarining aniq hisobini olish maqsadida olib borilayotgan xatlov ishlarida so‘nggi texnologiyalardan foydalanilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining jami yer maydoni 16 656 123 gektar bo‘lib, shundan yer hisoboti bo‘yicha 414,9 ming gektar sug‘oriladigan ekin yer maydonlari xatlovdan o‘tkazildi. Bugungi kunda suv fondi yerlarida viloyatlardan kelgan mutaxassislar bilan birgalikda xatlov ishlari davom etmoqda.
– So‘nggi yillarda kadastr sohasiga oid ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ular asosida sohada qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
– Darhaqiqat, oxirgi yillarda kadastr sohasiga oid ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tishim kerak, qabul qilinayotgan me’yoriy huquqiy hujjatlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birgina misol, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 avgustda “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon bilan birinchi bosqichda (2022-2023 yillarda) Qoraqalpog‘iston Respublikasida, ikkinchi bosqichda (2023-2024 yillarda) qolgan hududlarda aholi xonadonlari mahallabay tahlil qilinadi. Uy-joyga egalik huquqini tasdiqlovchi kadastr hujjatiga ega bo‘lmagan xonadonlarning elektron ro‘yxatini shakllantirish va A-380 xalqaro avtomagistralining xavfsizlik mintaqasidan tashqaridagi, yo‘l bo‘yicha o‘rmon xo‘jaligi fondidagi yer maydonlarining tuman (shahar) zaxira yer fondiga qaytarilishi belgilangan. Mazkur farmonda ko‘rsatilgan rejalarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida uy-joyga egalik huquqini tasdiqlovchi kadastr hujjatiga ega bo‘lmagan xonadonlarning elektron ro‘yxati shakllantirildi. Joriy yilda 723 ta yer uchastkasi uy-joy qurish maqsadida elektron onlayn-auksionga chiqarildi. Shuningdek, A-380 xalqaro avtomagistralining xavfsizlik mintaqasidan tashqaridagi yo‘l bo‘yicha o‘rmon xo‘jaligi fondidagi yer maydonlari tuman (shahar) zaxira yer fondiga qaytarildi.
Yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, savdo va servis ob’ektlarini joylashtirish maqsadida mazkur yer maydonlarini onlayn-auksionga chiqarish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan shu kunga qadar jami 555 ta (467,6 ga) qonun buzilish holatlari aniqlandi. Shundan 316 ta holatni (100,2 ga) bartaraf etdik. Shu bilan birga, 239 ta holatni (367,4 ga) bartaraf etish choralarini ko‘rmoqdamiz. Shuningdek, yer qonun buzishlari yuzasidan 92 ta holatda sud jarayonlari davom etmoqda. 19 ta holatni jinoyat alomatlari borligi uchun prokuratura organlariga taqdim etganmiz.
– Yer qonun buzilish holatlarining oldini olish borasida nimalarga ko‘proq e’tibor berilmoqda?
– Yer qonun buzilish holatlarini bartaraf etishda va fuqarolarimizga o‘zboshimchalik bilan yer egallash noqonuniy ekanini tushuntirish uchun joylarda kelishilgan reja asosida sayyor qabullar va fuqarolar bilan muntazam uchrashuvlar tashkil qilyapmiz. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda qonun buzilishi ko‘p kuzatilgan hududlarda o‘rganishlar olib boryapmiz.
Yer qonun buzilish holatlarining oldini olishda Kadastr agentligi qonun hujjatlarda belgilangan tarzda ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan normalarga asosan sud va prokuratura, IIV, MFY va hokim yordamchilari bilan birgalikda ishlar amalga oshirilmoqda. Ya’ni aniqlangan yer qonun buzilish holatlarida jinoyat alomatlari sezilsa, to‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga taqdim qilinadi. Masalan, joriy yilning o‘zida 19 ta holat yuzasidan birgalikda ishlar olib borilmoqda.
Yer nazorati yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi 3-qismiga asosan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, unga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalariga qurilgan noqonuniy qurilmalarni buzdirish bo‘yicha 116 holatda sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
Kadastr xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha aholiga qanday qulayliklar va sharoitlar yaratilgan?
– Qoraqalpog‘iston Respublikasida ayrim tumanlarimiz markazdan olisda. Shuning uchun, Davlat xizmatlari bilan birgalikda joylarga chiqqan holda “Ko‘chma davlat xizmatlari”ni ko‘rsatishni va mahallabay, xonadonbay ishlash tizimlarini yo‘lga qo‘yganmiz. Joriy yilda ko‘chmas mulk ob’ektlariga jismoniy va yuridik shaxslardan 27 ming 791 ta ariza kelib tushgan va 22 389 ta kadastr pasporti rasmiylashtirilgan. Xulosa qilib aytganda, yer sohasiga qaratilgan e’tibor, qabul qilingan har bir qonun, qaror va farmonlar yer hisobini to‘g‘ri yuritish, uni asrab-avaylash va ertangi avlodga bus-butun yetkazib berishga qaratilgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA