“QNA” Qatarning yetakchi multimedia axborot onlayn-platformasi sanaladi. Unda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo va investitsiyaviy hamkorlikning istiqbolli imkoniyatlari haqida intervyu e’lon qilindi.

Materialda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov bilan suhbatlashilgan.

Material boshida so‘nggi 20 yil ichida Qatar davlatining buyuk uyg‘onish davri ulkan muvaffaqiyat sifatida baholandi. Siyosiy iroda tufayli mamlakat so‘nggi yillarda ko‘plab yutuqlarga erishayotgani ta’kidlangan.

Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning O‘zbekistonga tashrifi O‘zbekiston – Qatar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning muhim bosqichga ko‘tarilishi, turli sohalarda, xususan, energetika va qishloq xo‘jaligida hamkorlik uchun yangi eshiklarni ochdi.

Qatar neft-gaz sohasida boy tajribaga ega. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida ulkan imkoniyatlar mavjud. Ikki mamlakat kelgusida hamkorlik qilish va ma’lum sohalarda tovar ayirboshlash hajmini oshirishni rejalashtirmoqda.

Obid Hakimovning fikricha, madaniy va diniy aloqalar ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘lib, ular har ikki tomonning umumiy manfaatlarini hisobga olgan qarashlarni yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Intervyuda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar siyosiy munosabatlar darajasiga ko‘tarilishiga umid bildirilib, ushbu tashrif davlat va xususiy sektorning barcha manfaatdor tomonlari uchun savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, investitsiya va qo‘shma loyihalarda istiqbollarga erishishda imkoniyat bo‘lishi ta’kidlandi.

Shu nuqtai nazardan, u ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishdan manfaatdor tomonlarning bir stol atrofida o‘tirib, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatini yaratish maqsadida ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy forum tashkil etishni taklif etdi.

Ekspert har ikki davlat xususiy sektorini O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi nufuzli munosabatlar imkoniyatidan foydalanish, tashabbuslar bilan chiqish, ikki tomonga foyda keltiradigan istiqbolli iqtisodiy sheriklik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha jiddiy muzokaralar olib borishga chaqirdi.

Kelgusida ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish juda muhim. Chunki mamlakatlar investorlarini energetika, suv ta’minoti va zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘liq yangi loyihalarga, O‘zbekiston uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan tarmoqlarga sarmoya kiritishga undaydi.

O‘zbekistonning geografik joylashuvi Osiyo bozoriga keng yo‘l ochadi. Bu esa qatarlik ishbilarmonlar va investorlar uchun Osiyodagi yangi bozorlarga chiqish uchun turtki bermoqda.

2022 yilda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,82 million dollarni tashkil etdi. Shundan 4,32 million dollari import mahsulotlardir. O‘zbekiston uglevodorodlarni qidirish va qazib olishni kengaytirish hamda neft-gaz sanoatini rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga intilmoqda.

Uglevodorodlar iste’moli o‘sishini hisobga olgan holda, O‘zbekiston 2019-2030 yillarda ushbu sohaga qariyb 9,8 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Jumladan, 3,5 milliard dollar qidiruv ishlariga va 6,3 milliard dollar tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun ajratiladi, bu esa Qatar sarmoyadorlari uchun rivojlanayotgan O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shilish imkonini beradi.

Mutaxassisning bildirishicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bilan birga, issiqlik elektr stansiyalari, atom energetikasi va qayta tiklanadigan energiya manbalari kabi sohalarda muhim ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish uchun yuqori ustuvor yo‘nalish bo‘lgan O‘zbekistonda elektr energetikasi sohasiga sarmoya kiritishda Qatar kapitalini jalb qilish imkoniyati mavjud.

Bundan tashqari, sanoat ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, Qatarning yetakchi kompaniyalari hamda moliya institutlarini jalb qilgan holda O‘zbekiston infratuzilmasini modernizatsiya qilish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatdorlikni oshirish va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, dedi ekspert.

Intervyuda Qatarning mintaqadagi ilg‘or roli, kuchli iqtisodiyoti, milliy daromad manbalarini diversifikatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlari, resurslardan oqilona foydalanish siyosatini yo‘lga qo‘yish, infratuzilmaga sarmoya kiritish va diversifikatsiyalangan iqtisodiyotni barpo etish borasidagi sa’y-harakatlari yuqori baholandi.

Bundan tashqari, u o‘ziga xos rivojlanish strategiyasini amalga oshirayotgan Qatarning inson kapitalini rivojlantirishga bo‘lgan yondashuvi oqilona ekanini qayd etdi. Buning natijasida uning siyosati boshqa mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistonning hurmatiga sazovor bo‘lib, Qatarning o‘z mintaqasi davlatlari orasida ham, jahon miqyosida ham obro‘sini oshirayotgani alohida ta’kidlangan.

Latofat BO‘RIEVA,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy

tadqiqotlar va islohotlar markazi ilmiy xodimi.

O‘zA