Kecha o‘tkazilgan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Ijroiya kengashi yig‘ilishida Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA)ning tan olinishini bekor qilish masalasi ilgari surildi.
Uyushmani olimpiya oilasida qoldirish yoki tarkibdan chiqarish masalasi bo‘yicha yakuniy qaror joriy yil 22 iyun kuni tashkil etiladigan navbatdan tashqari sessiyada qabul qilinadi.
Yig‘ilishda assotsiatsiyaning joriy holati to‘g‘risidagi hisobot muhokama qilingan hamda belgilangan shartlar bajarilmagani sababli IBA tan olinishini to‘xtatib turish taklifi bildirilgan.
Bunga javoban IBA mutasaddilari XOQ Ijroiya kengashi tavsiyasi “haqiqatdan yiroq va o‘ta siyosiy” ekani, “islohotlar, xalqaro miqyosda tan olingan yaxshi boshqaruv standarti bo‘yicha alohida yutuqlarga erishilgan vaziyat haqiqatini aks ettirmasligi”ni ta’kidlagan.
Boksning Olimpiya o‘yinlaridagi o‘rni, Xalqaro boks assotsiatsiyasining Xalqaro olimpiya qo‘mitasi a’zoligi tegrasida “sovuq shamol esayotgan” bir paytda yaqinda IBA tarkibidan chiqqan bir guruh tashabbuskorlar tomonidan tashkil etilgan “World Boxing” tashkiloti Xalqaro olimpiya qo‘mitasidagi IBA o‘rnini egallash uchun ish boshladi.
Bu borada dastlabki fikrlar ham bildirildi. Jumladan, “World Boxing” vakillari murojaatida Olimpiya dasturida boksning o‘rnini saqlab qoladigan yo‘lni ishlab chiqish uchun XOQ va boshqa barcha manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikka tayyorlik tasdiqlangan. Voqealar rivojini vaqt ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari qit’a bokschilari uchun “Parij-2024” yo‘llanmalarini taqdim etadi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA