Amerika prokuraturasi AQSH sobiq prezidenti Donald Trampni unga nisbatan jinoiy tergov olib borilishidan xabardor qildi, deb yozdi “Politico” nashri.
“ABC News” telekanali xabar berishicha, tergov ishi siyosatchining maxfiy hujjatlarni uyida saqlagani bilan bog‘liq.
Avvalroq Tramp o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘i orqali hech kim unga qarshi ayblov e’lon qilinganini aytmagani va u hech qanday yomon ish qilmaganini ma’lum qilgandi.
Dushanba kuni “Washington Post” gazetasi sobiq prezidentning yuristlari adliya vazirligida ayni masalani muhokama qilgan, deb xabar tarqatdi. Nashr yozishicha, advokatlar adliya vazirligiga hukumatdan siyosatchiga qarshi ayblov e’lon qilmaslikni so‘rab kelgan.
Umuman, maxfiy hujatlar bilan bog‘liq masala Amerika siyosiy arboblari uchun haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylanmoqda. Masalan, Trampning Floridadagi xususiy uyida bir qancha maxfiy hujjat topilgan. Qolaversa, bunday qog‘ozlar sobiq vitse-prezident Mayk Pens xonadonidan ham topilgan. Yaqinda esa amaldagi prezident Jo Baydenga qarashli ikkita uydan va xususiy idoradan ham maxfiy hujjatlar chiqdi.