Yer maydonlari umummilliy boylik bo‘lib, ularni tasarruf etish qonunga muvofiq amalga oshiriladi. Ayniqsa, umum manfaatlarga xizmat qiluvchi sug‘oriladigan va zaxiradagi yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan sotish qat’iyan taqiqlanadi. Bunday yerlar faqat qonun doirasida auksion orqali sotilishi mumkin.
Biroq o‘zboshimchalik bilan yer sotmoqchi bo‘layotgan va jazoga tortilayotgan shaxslar uchrab turibdi.
Muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan A.Ye. fuqaro M.A.ning ishonchiga kirib, zaxiradagi 17,8 sotix yer maydonini go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib olib berish evaziga 57 million so‘m olgan.
Shu vaqtda u Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nukus shahar bo‘limi tomonidan IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalil bilan ushlandi.
Fuqaro A.T. Muzrabot tumanidagi melioratsiya bo‘limiga qarashli 0,20 gektar yer maydonini fuqaro A.E.ga firibgarlik yo‘li bilan baliqchilik ko‘li tashkil qilish uchun 5 ming AQSH dollariga sotgan vaqtda Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bundan oldinroq Ko‘kdala va Yangiyo‘l tumanlarida yer maydonlarini firibgarlik yo‘li bilan sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangan.
Fuqaro N.E. fuqaro N.Sh.ning ishonchiga kirib, unga Ko‘kdala tumanidagi “S.N.” fermer xo‘jaligiga qarashli 10 gektar yer maydonini go‘yoki tuman hokimligi va kadastr bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib olib berish evaziga 15 ming AQSH dollari olgan vaqtda Departamentning Qamashi tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Yangiyo‘l tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro X.M. “Keskin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 40 sotix zaxiradagi yer maydonini fuqaro R.A.ga firibgarlik yo‘li bilan 36 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan 10 ming AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departament matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA