Xabar berganimizdek, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro turnirda ishtirok etdi.
2006-2008 yillarda tavallud topgan dzyudochilar ishtirokidagi an’anaviy turnir so‘ngida Tohir Fayziyev bosh murabbiyligidagi o‘smirlar terma jamoasi a’zolari 3 ta oltin, 3 ta kumush, 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Aytish lozim, mazkur xalqaro turnirda o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun kurash olib borgan 20 nafar sportchimizning 11 nafari sovrinli o‘rinlardan joy oldi.
Shiddatli bellashuvlar yakunida terma jamoamiz a’zolaridan Sarvinoz Abdusamatova, Laziza Haydarova, Oybek Rajabov oltin, Arapboy Daurbayev, Hasanboy Elmurotov, Azamat Oblakulov kumush, Umida Qo‘ldosheva, Aziza Davronova, Mohinur Allaberganova, Inoyat Telmanov, Hakimjon Mahkamov bronza medallariga ega chiqdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA