Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qatar Davlati Hukumati o‘rtasida huquqiy sohada hamkorlik qilish to‘g‘risidagi Bitim” imzolandi.
Bitimni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Qatar Davlati Adliya vazirligi o‘rtasida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Hamkorlik dasturida ikki davlat vazirliklarining asosiy vazifalaridan kelib chiqib, tegishli sohalarda hamkorlikni jadallashtirish, ularni amaliy va natijador tadbirlar bilan boyitish nazarda tutilgan.
Dastur doirasida ikki davlatda adliya tizimi samaradorligi uchun joriy qilinayotgan innovatsion yondashuvlar, norma ijodkorligi, tajriba almashish bo‘yicha o‘quv dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, yuridik xizmat ko‘rsatish, yuridik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish hamda adliya tizimini raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, tajriba almashish maqsadida hamkorlikda tadbirlar, xususan, konferensiyalar, seminarlar, treninglar tashkil etish va o‘tkazish, bir-birlarining xalqaro tadbirlarida ishtirok etish hamda qo‘shma tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish nazarda tutilgan.
Ushbu Hamkorlik dasturining imzolanishi ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining adliya va huquq sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA