Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov Germaniya Federal hukumatining Ko‘chib kelganlar va milliy ozchilik masalasi bo‘yicha vakili, Bundestag deputati Natali Pavlik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Tadbirda davlatlarimiz va xalqlarimiz ko‘p qirrali do‘stlik, hamkorlik jarayonida yanada yaqinlanishib, o‘zaro munosabat chuqurlashib borayotgani ta’kidlandi. Joriy yil may oyida davlatimiz rahbarining Germaniyaga tashrifi doirasida iqtisodiyot, savdo, moliya, ta’lim, fan va innovatsiya sohalariga oid imzolangan hukumatlararo hamda idoralararo hujjatlar asosida mavjud aloqa yanada kengayishi qayd etildi.
Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda nemis kompaniyalari samarali faoliyat yuritayotgani, Gyote instituti va boshqa markazlar ishlayotgani, nemis tili va madaniyatiga e’tibor kuchayib borayotgani haqida so‘z yuritildi.
Poytaxt hokimligi madaniyat, ta’lim, sanoat, biznes, turizm kabi turli soha va yo‘nalishlardagi hamkorlikni qo‘llab quvvatlash yo‘lida birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi. Germaniyadagi ekologik toza transport harakati tizimini yurtimizda joriy qilish, dual ta’lim uslubiga alohida e’tibor qaratilib, ayni yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgani aytib o‘tildi.
Natali Pavlik O‘zbekistonga safari taassurotga boy o‘tayotganini urg‘ularkan, Toshkent arxitekturasi, xalqimizga xos mehmondo‘stlik kabi jihatlarga alohida to‘xtalib, o‘zi ilm-fan vakili bo‘lgani bois, shu yo‘nalishdagi aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha birga ishlashga tayyorligini ma’lum qildi.
Delegatsiya rahbari mamlakatimizda nemis tili va madaniyatiga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasi sifatida Toshkentda “Nemis uyi” ochish taklifini bildirdi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA