«Sehrli diyor» degan ta’rif ishlatilganda, biz Amerikani tushunamiz. Buyuk shoir Abdulla Oripovning mashhur misralari ila barchamizning yodimizga o‘rnashib qolgan-da bu ta’rif. Lekin dunyo charxpalagi aylanib, Sharqdan yana bir «Sehrli diyor» bo‘y ko‘rsatdi. Bu – Xitoy Xalq Respublikasi.
Shensi provinsiyasi shimolidagi Yanan qishlog‘ida Xitoy revolyutsiyasining «muqaddas makon»i bor. U yerda – tog‘ yonbag‘irlaridagi g‘orlarda 1943-1948 yillarda Mao Szedun boshchiligidagi inqilobchilar, hali mustaqil Xitoy davlatiga asos solinmasdan turib (XXR 1949 yilda tashkil topgan), keyinchalik Mao yozganidek, «og‘izdan qon kelguncha zo‘riqib» ishlaganlar.
O‘sha davrda xalq hayoti g‘oyat og‘ir bo‘lgan. Bugun – oradan 75-80 yil o‘tgach, Xitoy dunyoning iqtisodiyoti eng baquvvat, aholisi farovon mamlakatlaridan biriga aylandi. Kosmosga uchish, oyga avtomat stansiya yuborish, dengiz ostidan 53 kilometrli avtoyo‘l tonneli o‘tkazish, shuncha masofada dengiz ustida ko‘prik qurish (Sindao shahrida), markazning 15 kilometrli diametrida 30 qavatdan past uy qurish taqiqlanishi (Shanxay shahri), tog‘larni bog‘lovchi minglab tonnellar qazish, yuz metrdan ziyod ustunlar ustiga qurilgan ikki tog‘ni bog‘lovchi 350 metrli ko‘priklar…
Bu kabi mo‘’jizaviy, ayni chog‘da inson qo‘li bilan barpo etilgan inshootlarning qay birini sanaylik. Ha, Xitoy ko‘p sohalarda, avvalo, iqtisodiyotda «Sehrli diyor» sifatida bo‘y-bastini namoyon etayotir. Shu sabab dunyo olimu ekspertlari Sharq «Sehrli diyori»ning tajribalariga zo‘r qiziqish ko‘rsatmoqdalar, ularni o‘rganmoqdalar. Jumladan, kambag‘allikni qisqartirish borasida ham. Darhaqiqat, o‘rgansa arzigulik tajribalar bu yerda bisyor. Ya’ni mamlakatda hozirgacha 800 million odam, bu esa umumiy aholi sonining 60 foizini tashkil etadi, kambag‘allikdan chiqarilgan.
Yaqin-yaqingacha «O‘zbekistonda kambag‘al oilalar, aholi bor» degan ibora, garchi buni hamma bilsa ham, hech qayerda tilga olinmas edi. Ammo Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev vaziyatni boricha ochiqladi. O‘zbekistonda kambag‘allikdan chiqarishga muhtoj aholi borligini ma’lum qildi. Eng muhimi, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi amaliy harakatni boshladi. Bu vazifani amalga oshirish uchun tegishli farmon, qarorlar qabul qilindi. Har bir xonadon, har bir shaxs uchun tahliliy tashxis ma’lumotlari tuzildi. Kasbga o‘qitish, ish jihozlari bilan ta’minlash, mahsulotni sotish tizimlari ishlab chiqildi. Ijtimoiy himoyaga muhtojlar «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritildi. Ularni kambag‘allikdan chiqarish loyihalari tuzilib, amaliyotga joriy qilinmoqda. Shu o‘rinda kambag‘allikni qisqartirish maqsadida boshlagan ulkan islohotlar natijasida o‘tgan bir yilda mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga pasayib, 1 million fuqaro kambag‘allikdan chiqarilganini alohida ta’kidlash lozim.
Erishilgan tajribalar esa hamkor davlatlar bilan bo‘lishilmoqda. Shu yil 17-18 may kunlari mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan II xalqaro forum tashkil etildi. Unda «ijtimoiy kontrakt», «ijtimoiy reyestr» kabi yangi tushunchalar iqtisodiy lug‘atimizdan joy oldi. Bu mavzu 19 may kuni Sian shahrida bo‘lib o‘tgan «Xitoy – Markaziy Osiyo» birinchi sammitida yana bir bor tilga olindi.
– Birga erishgan tajribalarimizdan birgalikda foydalanamiz, – dedi sammitda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin.
Uning tashabbusi bilan 29-30 may kunlari Yanan shahrida «Kambag‘allikni qisqartirish va barqaror rivojlanish» masalalariga bag‘ishlangan SHHT davlatlari vakillari ishtirokida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Unda 21 ta mamlakat hukumat rahbarlari, mas’ul vazirlari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari ham qiziqarli ma’ruzalari bilan chiqishdi.
– Kambag‘allik – yechimi yo‘q muammo emas, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov. – Uni hamjihatlikda, hamkor davlatlar ilg‘or tajribalari asosida yengish mumkin. Buni bugun Xitoy isbotlab berdi. Bu borada O‘zbekistonning ham o‘ziga xos tajribasi bor. Masalan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkil etilgan «Hokim yordamchisi» instituti kambag‘allikni qisqartirishning samarali usullaridan biridir.
Ha, SHHT minbaridan «hokim yordamchisi»ning mahalladagi o‘rni, kambag‘al oilalarga ko‘maklashishdagi vakolatlari qiziqish bilan muhokama etildi. Keyinchalik bir necha davlat hukumati a’zolari, elchilar «hokim yordamchisi» instituti tajribasini SHHT davlatlari o‘rtasida ommalashtirish istiqbollarini ham muhokama qildilar.
Forumda Mayami xalq ta’limi vaziri Zav Munt, Pokiston Bosh vaziri o‘rinbosari Mirza Muhammad Afridi, SHHT Bosh kotibi Chjan Min va boshqalar muammo yechimi yo‘lidagi o‘z davlatlari olib borayotgan tadbirlar, ibratli tajribalar haqida gapirdilar.
Anjuman va undan keyin Shensi provinsiyasi shahar va qishloqlari, olis tog‘larida yashayotgan oz sonli aholi guruhlari hayoti bilan tanishuv chog‘ida kambag‘allikni qisqartirish borasida, darhaqiqat, Xitoy katta tajriba orttirgani, eng muhimi, samarali natijalarga erishganiga guvoh bo‘ldik.
Xo‘sh, Xitoy tajribasining asosi nimada?
Kambag‘allikni qisqartirish, aniqrog‘i, uni tugallash Xitoy uchun umumxalq ishiga aylangan. Bu nima degani?
Birinchidan, XXR Davlat kengashi raisi Si Szinpin umummilliy loyihaning muallifi va bosh mas’ulidir. XXR davlat tizimlari tashabbuskorligida kambag‘allik bilan kurashning moddiy ta’minoti uzluksiz davom etadigan jarayonga aylangan.
O‘tgan yillar davomida davlat rahbari bu jarayonga alohida e’tibor qaratib keldi. Masalan, XKPning yaqinda bo‘lib o‘tgan XX s’ezdidagi ma’ruzasida ham bu borada erishilgan natijalarni e’tirof etib, yangi loyiha – kambag‘allikka yo‘l qo‘ymaslik dasturini taqdim etdi. Jumladan, 800 million nafardan ziyod aholi kambag‘allikdan xalos qilingani, ammo aholi soni o‘sib borishi, yangi avlod mustaqil hayotga kirib kelayotgani, endigi vazifa esa ularning yana kambag‘al bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini alohida ta’kidladi. Muhimi, kambag‘allikni qisqartirish uchun davlat xazinasidan mablag‘ ajratish loyihasi doimiy ishlashini bildirdi.
Ikkinchidan, kambag‘allikni qisqartirishning muayyan shakli yaratilgan. Unga ko‘ra:
a) kambag‘al oila bo‘lgan har bir aholi yashash manzilida davlat tizimining vakolatli vakili bo‘lib, u xonadonlar muammosini aniqlab, hukumat oldiga qo‘yadi. Uning tavsiyasiga ko‘ra, har bir kambag‘al oilani qo‘llab-quvvatlashning o‘zigagina xos dasturi tuziladi.
b) kambag‘allikdan chiqarish uchun:
– uzoq muddatga ijarada foydalanish uchun yer beriladi;
– imtiyozli kredit ajratiladi;
– zarur bo‘lsa, kasbga o‘rgatiladi;
– ishlab chiqarish yoki dehqonchilik vositalari bilan ta’minlanadi;
– mahsulotni sotish maydonchasi tashkil etiladi;
– savdo firmalari bilan aloqa o‘rnatishda ko‘maklashiladi yoki do‘konlar ochib beriladi.
– va nihoyat, uy-joy uchun yer ajratiladi, qurilishga qisman subsidiya va imtiyozli kredit beriladi;
– yangi qishloq infratuzilmasi davlat tomonidan yaratiladi.
…Biz tog‘li Yanan tumanining uzoq Jdi Fan qishlog‘idagi Dojen aholi yashash manzilida bo‘ldik. Bu yerda 1001 nafar odam yashar ekan. Ular loyiha asosida qurilgan ikki ko‘chali uylarda yashashadi. Jami 1 kvadrat kilometr joyda 2 ta do‘kon, kafe, markaziy sayilgoh maydoni, mehmonxona, kutubxona, raqs to‘garagi binosi, boshlang‘ich ta’lim beruvchi maktab bor. Barchasi ixcham, muhimi, baqamti joylashgan. Aholi bog‘dorchilik bilan mashg‘ul. Kimdir ko‘chat yetishtiradi, sovuqxona va issiqxonasi ham mavjud, boshqa oila bog‘bonlik qiladi, ba’zilar meva quritish sexida ishlaydi, karton qutilar ishlab chiqaruvchi oilalar, shu qutiga meva qadoqlovchi, sotish bilan shug‘ullanadigan yana boshqa xonadonlar bor. Xullas, barcha ishning egasi bo‘lib, jarayon to‘xtamaydi. Oilalar uchun hammom, issiq suvli uy, infratuzilmaga ega ko‘chalar yaratilgan. Darvoqe, har bir xonadonga quyosh panellari o‘rnatilgan. «Quyoshli ko‘cha» loyihasi asosida panelli ustunlar ko‘chalarni tuni bilan charog‘on qilib turibdi. Shunday qilib, bir vaqtlar na ish o‘rni, na kasbi-kori bo‘lmagan tog‘ ovuli ahli bugun munosib hayot tarzi bilan ta’minlangan va davlatdan rozi bo‘lib baxtiyor yashamoqda.
Endi savol tug‘iladi: Nahot, davlat shunday miqyosdagi vazifani bir o‘zi bajargan?
Yo‘q. Xitoy tajribasining «siri» ham shunda! Yuqorida aytganimizdek, kambag‘allikni kamaytirish Xitoyda umumxalq ishiga aylangan. Ya’ni, maqsadga erishish uchun davlatdan tashqari kichik bir amalga qodir insonlar, korxona-yu idoralar, kompaniyalar… Barcha-barcha astoydil ko‘maklashgan. Mana, misollar.
Bilasiz, dunyoga mashhur «Alibaba» elektron savdo kompaniyasi Xebey provinsiyasi qishloqlarining bir qismini obod va farovon etishni o‘z zimmasiga olgandi. Tog‘li qishloq ahli tarqoq, tabiat in’omiga ishonib yashardi. «Alibaba» hudud, aholi tarkibi, istak va imkoniyatini tahlil qilgach, bu yerda ikkita loyihani amalga oshirishga kirishadi.
Birinchi loyiha tabiiy iqlim va yer sharoitidan kelib chiqib, dorivor giyohlar plantatsiyalarini tashkil etish va kashtanzorlar barpo qilish edi. Kompaniya texnika olib kelib, yer o‘zlashtiradi, o‘n minglab mu (yer o‘lchov birligi) maydonga kashtan ekiladi, orasiga esa dorivor giyoh urug‘i sepiladi.
– Biz bir vaqtning o‘zida 100-300 oila yashaydigan, barcha infratuzilmaga ega, soddagina, ammo zamonaviy uy-joylar qurdik. Endi tog‘liklar har tarafga sochilib emas, jamoa bo‘lib yashaydilar, – deydi «Alibaba» kompaniyasi xayriya jamg‘armasi bosh direktori Yao Yao. – Odamlarga giyohning xususiyati, ko‘paytirish va terish usullari haqida ma’lumot berdik, o‘quvlar tashkil etdik. Hozir 80 foiz aholi giyoh yetishtirish, 10 foizi uni qayta ishlash, ya’ni quritish, navlarga ajratish, qadoqlash, yana 10 foizi, bular asosan yoshlar, elektron savdo, eksport, reklama bilan mashg‘ul. Qarabsizki, bir yildayoq mahsulot – dorivor giyohlar bozordan o‘rin topdi va yaxshigina daromad keltira boshladi. Biz kambag‘al oilalarga moddiy yordam – ehson qilganimiz yo‘q. Investitsiya kiritdik, foizsiz kredit ajratdik, xolos. Endi kambag‘allikdan chiqqan oilalar biz yer ochish, saralash, qadoqlash va quti ishlab chiqaruvchi texnologiyalarga qilgan xarajatimiz, qurib bergan uylarimiz pulini o‘zi ishlab topayotgan daromaddan qaytaryapti.
Ikkinchi loyiha – tog‘, yaylovlarda qo‘y boqish edi. Ya’ni go‘sht va jun ishlab chiqarishni tashkil etish bilan aholi uzluksiz daromad manbaiga ega bo‘ldi.
– Xitoy neft korporatsiyasi 2022 yilga qadar 78863 nafar aholini kambag‘allikdan chiqardi, – deydi mazkur korporatsiya xayriya departamenti direktori Lyu Fann. – Dastlab 476 ta aholi yashash maskanida ish o‘rni yaratdik, kasbga o‘qitdik, tijoratga o‘rgatdik. Kambag‘al oilalarda ayollar uchun alohida «Onalar ishlaydi» loyihasini amalga oshirdik. Ayni chog‘da korporatsiya kichik-kichik, lekin barcha qulayliklarga ega qishloqlarni barpo etdi.
Biz ana shunday maskanlardan birida – ming nafar aholisi bo‘lgan qishloqda bo‘ldik. Bu yerda tibbiyot bo‘limi, kutubxona, sport zali, bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun qo‘shimcha mashg‘ulotlar markazigacha ishlab turibdi.
Yana bir misol. Tadbirkorlar asossatsiyasi tog‘ yonbag‘irlarini tekislab, Ma Ba qishlog‘ining kambag‘al aholisi uchun choy plantatsiyasi ochgan. Bu yerda choy yetishtirish, quritish, qayta ishlash, qadoqlash, sotish tizimi yaratilgan. Natija esa…
– Hozir qishloq aholisining yillik daromadi umumxitoy ko‘rsatkichidan ikki barobar oshib ketdi, – deydi asossatsiya rahbari Lyu Aszin. – Bu qishloqda ham barcha infratuzilma yaratilgan. Hatto, gimnastika zallarigacha bor.
Bu kabi misollar ko‘p. E’tibor bergan bo‘lsangiz, ularning har birida aniq va istiqbolli loyiha amalga oshirilgan. Kambag‘allikdan chiqarish – daromadli qilishgina emas, munosib hayot tarzi uchun barcha sharoit yaratishni ham o‘z ichiga olgan. Eng muhim jihati, bu harakat umumxalq ishiga aylanganida. Ya’ni byudjet ajratmalari, davlat idoralari yordamigagina qarab qolinmagan.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Xo‘sh, O‘zbekistonda-chi? Bizda kambag‘allikni qisqartirish asosan Prezident tashabbusi, farmon va qarorlari, davlatning qo‘lloviga qaratilgan. Demak tuman, qishloq misolida o‘sha yerdagi kambag‘al oilalarni o‘z otalig‘iga olgan, Xitoydagi xususiy kompaniyalar kabi mukammal loyiha asosida muammoni boshdan-oyoq hal qilayotgan idora, xususiy shirkat yoki klasterlar paydo bo‘lishi zarur. Afsuski bizda asosiy masalaning yechimi davlat zimmasida. Holbuki, Xitoy tajribasiga ko‘ra, kambag‘allikni qisqartirish faqat byudjet mablag‘iga bog‘liq jarayon emas.
Shunday ekan, millat, xalq taqdiriga, kelajagiga daxldor bo‘lgan kambag‘allikni qisqartirishdek ezgu maqsad umumxalq ishiga aylanishi kerak!
Bizning Sharq «Sehrli diyori» tajribalaridan olgan xulosalarimiz shunday bo‘ldi.
Muhammadjon OBIDOV, O‘zA
Toshkent – Pekin – Shensi