Yurtimizda faoliyat yuritgan italiyalik tadbirkor bilan suhbat
O‘zbekiston va Italiya. So‘nggi yillarda bu ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy va parlamentlararo muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorlik, texnologik va sanoat taraqqiyoti yo‘nalishi uchun mas’ul vazirlik, idoralar tajriba almashinuvi sezilarli darajada jadallashdi.
Mamlakatlarimizning BMT, YeI, YeXHT va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasidagi yondashuvlari bir-biriga yaqin. Ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa gumanitar sohalardagi hamkorlik rivoji ham bevosita xalqlarimiz manfaatiga xizmat qilmoqda.
Keyingi yillarda Italiyaning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortib borayotgani ham haqiqat. Binobarin, ushbu davlat O‘zbekistonning Yevropadagi eng muhim, vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli hamkorlaridan biri.
Izchil o‘zaro muloqotning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning taklifiga binoan, 7-9 iyun kunlari tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Shu munosabat bilan O‘zA muxbiri Italiyaning “Atlas sanoat transporti” kompaniyasi ta’sischisi Alessandro Tomada bilan suhbatlashib, uning iqtisodiy hamkorlikka oid joriy holat, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati xususidagi fikrlarini yozib oldi:
– O‘zbekiston – iqtisodiy imkoniyatlari cheksiz, jadal rivojlanayotgan, mintaqadagi barcha davlatlar bilan strategik sheriklik siyosatini faol qo‘llayotgan davlat. Men bu o‘lka bilan tadbirkorlik faoliyati orqali bog‘langanman, neft, gaz va energetika sohalarida ishlab chiqarish bilan shug‘ullanaman.
Foydali qazilmalarga boy O‘zbekiston juda tez sur’atda rivojlanmoqda. Yurtni yanada taraqqiy ettirish uchun esa, fikrimcha, mana shu zaxiradan unumli foydalanish zarur, deb o‘ylayman. Diyoringizda istiqomat qilib, shunga amin bo‘ldim-ki, bisyor iqtisodiy boylikni adolatli taqsimlash uchun hukumat yetarli darajada jiddiy, xalq manfaati nuqtai nazaridan kelib chiqib ish olib boryapti. Amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyat, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash strategiyasi va xorijlik sarmoyadorlar uchun qulay tadbirkorlik muhiti yaratish istagi – kuchli siyosiy iroda mahsuli.
Ochig‘i, O‘zbekiston hali rivojlangan mamlakatlardan ko‘p narsa o‘rganishi lozim. Dunyo bo‘ylab kechayotgan siyosiy voqeliklar, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklardan mamlakatning yorqin kelajagini ta’minlash yo‘lida xulosa chiqarish muhim. O‘zbekistonning kelajagi buyuk! Bu gapni ishonch bilan aytaman, chunki uch yilga yaqin muddatda davlat xalq uchun nimalarga qodirligiga shaxsan guvoh bo‘ldim.
Respublikadagi neftni qayta ishlash zavodlari faoliyati bilan yaqindan tanishganman. Umuman, konchilik va energetika sohalari jadal rivojlanishi yaqin kelajakda mamlakat salohiyatini to‘laroq ochib berishi ehtimoli yuqori. O‘zbekiston nafaqat energiya resurslariga boy, balki inson resurslari, ya’ni bilimli, salohiyatli, kuch-quvvatga to‘la yoshlari bilan ham jahonning yetakchi davlatlari qatorida tilga olinmoqda.
Tabiiyki, yer ostidagi energiya manbalariga talab kun sayin oshmoqda. Dunyoning ko‘plab mamlakatlari aholisi energiya yetishmovchiligi bilan yuzlashayotgan murakkab bir sharoitda tabiiy resurslarga nisbatan oqilona munosabat xalqning farovon kelajagini ta’minlaydigan asosiy omillardan biriga aylanishi muqarrar. Bu borada O‘zbekistonning imkoniyati keng.
O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi faol munosabatlar bugungi kunda iqtisodiyot, siyosat, madaniyat yo‘nalishlaridagi qator umumiy loyihalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Birgina misol: Italiya ishlab chiqarayotgan neft, gaz va tog‘-kon loyihalari uchun mo‘ljallangan uskunalar O‘zbekistonda ushbu sohalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Italiyaning betakror madaniyati jahonda tan olingan. Shu ma’noda O‘zbekiston bilan madaniy sohalar – kino, musiqa va tetar, arxitektura va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda mustahkam aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Albatta, O‘zbekistonning urf-odati, an’analari, madaniyati va san’atini Italiya xalqiga tanitish bo‘yicha ham salmoqli ishlar qilinyapti. Zero, san’at inosnlarni birlashtiradi, deya bejiz aytilmagan.
Qolaversa, biz Yangi O‘zbekistonni Uchinchi Renessans davriga qadam tashlayotgan yurt sifatida ham yaxshi bilamiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga tashrifi tarixiy voqelikka aylanishi shubhasiz. Italiya, barcha Yevropa mamlakatlari kabi, dunyoning tuzilishi haqida qadim nuqtai nazarga ega, bu borada O‘zbekiston ham munosib yo‘liga ega. Demak, sharq va g‘arbga xos ikki yo‘nalish O‘zbekiston va Italiya xalqlari do‘stligi timsolida qayta jonlanishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Albatta, ikki tomonlama muloqot kerak. O‘zaro munosabat birinchi navbatda iqtisodiy hamkorlik, ya’ni ishlab chiqarish, biznes aloqalari o‘rnatishdan iborat bo‘lishi lozim. Shu bilan birga madaniy-gumanitar, ta’lim yo‘nalishlaridagi almashinuv ham tomonlar uchun birdek foydali.
Behruz Xudoyberdiyev, Nishonboy Abduvoitov (tasvir), O‘zA