Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Italiya davlatiga rasmiy tashrifi arafasida buyuk italyan shoiri, italyan adabiy tilining asoschilaridan biri, faylasuf Franchesko Petrarkaning “Qo‘shiqlar kitobi” deb nomlangan to‘plami nashr etildi.

Petrarka – nafaqat italyan, balki Yevropa she’riyatini yangi bosqichga olib chiqqan ulug‘ shoirdir. Ayni paytda, g‘arb Uyg‘onish davrining gumanizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan madaniyatiga tamal toshini qo‘ygan ijodkorlardan biridir. Shoir asarlari, xususan, go‘zal sonetlari dunyo adabiyotiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. O‘zbek she’riyatida mazkur janrning paydo bo‘lishi va rivojlanishi ham Petrarka ijodining ta’siri bilan bog‘liq.

Bugungi kunda Petrarka asarlari ona tilimizga qayta-qayta o‘girilayotgani ham o‘zbek tarjimonlarining italyan she’riyatiga samimiy hurmati va mehridan dalolat beradi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashrga tayyorlangan va “KolorPak” MCHJda chop etilgan yangi kitobdan jahonshumul adibning “Avlodlarga maktub” asari va sonetlaridan namunalar o‘rin olgan. Ularni taniqli ijodkorlar – Mahkam Mahmudov va Salim Ashur o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilishgan. Kitobga O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid so‘zboshi yozgan.

Umid qilamizki, ushbu muhtasham kitob uzoq asrlardan buyon davom etib kelayotgan o‘zbek-italyan adabiy aloqalarini yanada mustahkamlashga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zA