Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Mazkur institut davlatimiz rahbarining 2022 yil 13 yanvardagi “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Mehnat bozorida raqobatbardosh, amaliy ko‘nikmalarni egallagan oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish, o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarining zamonaviy moddiy-texnika bazasini yaratish, ishlab chiqarish tashkilotlarining muammolarini yechishga qaratilgan ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish, respublika hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish singari vazifalar institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi. U
niversitet rektori, professor Rustam Xolmurodov institut jamoasini yangi bino bilan tabriklab, ularning ilmiy faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi. Muhandislik fizikasi institutida ayni paytda 7 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 937 nafar bakalavr, 5 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 57 nafar magistr tahsil olmoqda. Shuningdek, 8 ixtisoslik bo‘yicha 40 nafar doktorant tadqiqot olib bormoqda. Institutda elektromagnitizm, optika va spektroskopiya, molekulyar lyuminisensiya, lazer fizikasi, qattiq jismlar fizikasi, yadro fizikasi, kosmik nurlar fizikasi ilmiy maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Mamlakatlar fizikaning endi rivojlanayotgan yo‘nalishlaridagi mavjud imkoniyatlarini birlashtirsa, muvaffaqiyatga erishish ham oson bo‘ladi, – dedi AQSHning Texas universiteti qoshidagi nanotexnologiya instituti direktori o‘rinbosari Anvar Zohidov. – Bu borada xalqaro hamkorlikning ahamiyati juda yuqori. O‘zbekistonda bugun shu kabi institutlarga ehtiyoj katta deb o‘ylayman. Muhandislik fizikasi instituti bu yo‘lda dastlabki qadam bo‘ldi. Zamonaviy bino, zamonaviy jihozlarga ega laboratoriyalarni ko‘rib, O‘zbekistonda bugun ilm-fan inqilobi yuz bermoqda, deyish mumkin.
Institutda 6 kafedra mavjud bo‘lib, ilmiy salohiyat 74 foizni tashkil qiladi. Unda 1 nafar akademik, 17 fan doktori, professor, 35 nafar fan nomzodi bilan birga 10 nafar xorijlik professor-o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Ayni vaqtda 22 o‘quv va materialshunoslik, molekulyar spektroskopiya, molekulyar lyuminessensiya, kvant elektronika, nochiziqli optika ilmiy laboratoriyalari mavjud.
G‘.HASANOV, O‘zA