Jahon bojxona tashkilotining shtab kvartirasida uyg‘unlashgan tizimga o‘zgartirish kiritish yuzasidan o‘tkazilayotgan sessiyada ilk bor O‘zbekiston Respublikasining soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Mazkur 62-sessiya 5-9 iyun kunlari o‘tkazilib, unda tashkilotga a’zo davlatlarning takliflari bo‘yicha Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi yo‘nalishida yuzaga kelayotgan muammolar ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston bojxona xizmati nomidan Markaziy bojxona laboratoriyasi boshlig‘i o‘rinbosari, Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi boshqarmasi boshlig‘i Rustam Mirzayev ishtirok etyapti.
Kun tartibiga qo‘yilgan masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi bojxona xizmati vakillari tomonidan uyg‘unlashgan tizim bo‘yicha tovarlarni tavsiflashda muammoli bo‘lib kelayotgan tovarlar bo‘yicha bir qator taklif va tushunchalar berildi.
Ishtirokchilar tomonidan “Tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uyg‘unlashgan tizimi to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiya ilovasiga qo‘shimchalar kiritish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA