Bugun, 7 iyun kuni Tailandda veloshosse bo‘yicha “Parij-2024” Olimpiadasiga yo‘llanma taqdim etadigan Osiyo chempionati boshlandi.
U-18, U-23 va kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bormoqda.
Aytish lozim, chempionat dasturidan o‘rin olgan erkaklar va ayollar o‘rtasidagi guruh poygasi yo‘nalishida 1-, 2-o‘rinni egallagan sportchilar “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi.
Qit’a birinchiligining ilk kunidayoq hamyurtlarimiz shohsupaga ko‘tarildi. Musobaqaning aralash jamoaviy estafeta bahslarida sportchilarimiz kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
30 kilometr masofaga kechgan kattalar o‘rtasidagi poygada Olga Zabelinskaya, Yanina Kuskova, Yevgeniya Golotina, Aleksey Fomovskiy, Dmitriy Bocharov, Begzod Rahimboyevdan iborat jamoamiz kumush, Asal Rizayeva, Sevinch Yo‘ldosheva, Mohinabonu Elmurodova, Farrux Bobosherov, Diyor Tohirov hamda Kamoliddin Bahriddinovdan iborat yoshlar jamoamiz esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Qit’a chempionati 13 iyunga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA